Andijonda o‘quv markazi rahbari 5 yilga qamaldi

Jamiyat

image

Andijonda AQSHga o‘qishga yuborishni va’da qilib, ikki nafar o‘quvchini 100 million so‘mga chuv tushirgan til o‘rgatish markazi rahbari qamaldi. Bu haqda Oliy Sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Andijon viloyati Baliqchi tumanida chet tillarini o‘rgatishga ixtisoslashgan xususiy o‘quv markazi rahbari N.T. (ayol kishi) AQSHdagi “Jacksonville” universitetiga o‘qishga kiritishni va’da qilib, o‘quvchilarning 100 million so‘mga yaqin mablag‘ini qo‘lga kiritgan.

U o‘zining o‘quv markazida ingliz tilini o‘rganayotgan ikki nafar 11-sinf bitiruvchisini AQSH universitetiga hujjat topshirishga qiziqtirgan. N.T. avvaliga o‘quvchilardan birining xarajatlari uchun 980 dollar, o‘qish oldidan o‘tkaziladigan tibbiy ko‘rik xarajatlari uchun 1172, universitet kontrakt shartnomasiga deya 2200 dollar olgan. Shu bilan kifoyalanmasdan elchixonadan viza olish, universitet yotoqxonasiga to‘lov qilish, samolyotga oldindan aviachipta xarid qilish bahonasida yana katta miqdordagi pullarni aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritadi. Shu tarzda M.A. hamda uning ota-onasini jami 82 million 446 ming 600 so‘mga chuv tushirib, pullarning hammasini shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuboradi.

Markaz rahbari yana bir til o‘rganuvchisi A.A.ni ham va’dalariga ishontirib, uning 13 million 239 ming so‘m mablag‘ini o‘zlashtiradi.

N.T.ning “Sakkiz oydan so‘ng AQSHga uchib ketasizlar”, degan yolg‘onlariga ishonib, natija bo‘lmasligini tushungan jabrlanuvchilar huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga murojaat qilgan.

Mazkur holat jinoyat ishlari bo‘yicha Baliqchi tumani sudi raisi tomonidan ko‘rib chiqilib, N.T. Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismining “a”, “b” bandlari va 28, 211-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, uzil-kesil 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Shuningdek, sudlanuvchidan jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni undirish haqidagi to‘xtamga kelingan.

Sud hukmi bilan N.T.ning qaramog‘idagi uch nafar voyaga yetmagan farzandi sudlanuvchining onasi vasiyligiga topshirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Samarqandda fuqaroni 50 ming dollar evaziga Yevropa va Meksika orqali AQSHga jo‘natmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olingan edi.  Shuningdek, 24 ming dollar evaziga odamlarni Kanadaga yubormoqchi bo‘lgan ayol ushlangandi


Maqola muallifi

Teglar

Andijon Oliy Sud o'quv markazi rahbari o'qishga yuborish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing