Andijonda pichoqlab o‘ldirilgan marhum inspektor mukofotlandi
Jamiyat
−
08 iyul 10710 2 daqiqa
Joriy yilning 1 iyul kuni Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida profilaktika inspektori chaqiruv vaqtida pichoqlangandi va oqibatda vafot etgandi. Marhum profilaktika inspektori katta leytenant Abdurasul Abduvaliyev O‘zbekiston Prezidentining tegishli farmoniga asosan “Jasorat” medali bilan taqdirlandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Prezident farmonini viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov o‘qib eshittirdi. Medal marhum IIO xodimining oila a’zolariga topshirildi.
Ma’lumot uchun, 1 iyul kuni soat 20:50 larda Xo‘jaobod tumanining “Yuksalish” mahallasidagi xonadonda janjal bo‘layotganligi haqida xabar kelib tushgan. Hudud profilaktika inspektori katta leytenant, marhum Abdurasul Abduvaliyev mahalla raisi A.Mamataliyev bilan birga voqea joyiga yetib borgan.
Ma’lum bo‘lishicha, 65 yoshli fuqaro Yunusali Tumarovich Xolbozorov mast holda o‘z oila a’zolariga xo‘jalik pichog‘i bilan tahdid solayotgan bo‘lgan. Fuqaroni zararsizlantirish jarayonida Xolbozorov qo‘lidagi pichoq bilan katta leytenant Abduvaliyevning ko‘krak qismiga zarba berib, qochib ketgan.
Olgan jarohati oqibatida ko‘rsatilgan yordamga qaramasdan Abduvaliyev shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtida vafot etgan. Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Inspektorni pichoqlagan 65 yoshli fuqaro esa 4 iyul kuni qabristondagi makkapoya ichida qo‘lga olindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatining Andijon shahrida erkak janjal oqibatida turmush o‘rtog‘ini yo‘lning o‘rtasida qasddan o‘ldirib ketgandi. Olib borilgan tadbirlar jarayonida gumonlanuvchi A.D. Andijon viloyati Oltinko‘l tumani Ko‘makay mahallasi hududida tungi xizmatga jalb qilingan xodimlar tomonidan aniqlanib, qo‘lga olingan. Hozirda gumonlanuvchi protsessual tartibda qamoqqa olingan bo‘lib, tergov-surishtiruv harakatlari davom etmoqda.
Live
Barchasi