Andijonda xotinini o‘ldirib qochib ketgan erkak ushlandi
3-sahifa
−
05 iyul 12688 1 daqiqa
Avvalroq, Andijon shahrida erkak janjal oqibatida turmush o‘rtog‘ini yo‘lning o‘rtasida qasddan o‘ldirib ketgani xabar qilingandi. Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi hodisa bo‘yicha qo‘shimcha axborot berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, kecha, 4 iyul kuni soat 9:30 larda Andijon shahrida yashovchi 48 yoshli erkak 43 yoshli turmush o‘rtog‘i bilan janjallashgan. Andijon shahrining O‘rikzor mahallasida kelib chiqqan janjal oqibatida u ayolni bo‘yin qismiga xo‘jalik pichog‘i bilan urib, jaroxat yetkazgan va voqea joyidan yashiringan. Olgan tan jarohati oqibatida jabrlanuvchi voqea joyida vafot etgan.
Mazkur xolat yuzasidan Andijon shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi A.D.ni ushlash bo‘yicha tezkor-qidiruv choralari ko‘rilgan.
Olib borilgan tadbirlar jarayonida gumonlanuvchi A.D. Andijon viloyati Oltinko‘l tumani Ko‘makay mahallasi hududida tungi xizmatga jalb qilingan xodimlar tomonidan aniqlanib, qo‘lga olingan. Hozirda gumonlanuvchi protsessual tartibda qamoqqa olingan bo‘lib, tergov-surishtiruv harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 1 iyul kuni Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida profilaktika inspektori chaqiruv vaqtida pichoqlangan va olgan jarohati oqibatida vafot etgan edi. Inspektorni pichoqlagan 65 yoshli fuqaro esa 4 iyul kuni qabristondagi makkapoya ichida qo‘lga olindi.
Live
Barchasi