Andijonda qalbaki pul tayyorlash bilan shug‘ullangan jinoiy guruh qo‘lga olindi 

3-sahifa

image

Davlat xavfsizlik xizmati Andijon viloyatida qalbaki pul tayyorlash bilan shug‘ullanib kelgan jinoiy guruhni qo‘lga oldi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmatining Telegram kanalida ma’lum qilindi. 

Ta’kidlanishicha, Chirchiq shahrida yashovchi, 1991 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan fuqaro Buxoro shahriga borib, 10 million 100 ming so‘m miqdoridagi qalbaki milliy valyutani 600 AQSH dollariga sotayotgan vaqtida ushlangan. 

Shundan so‘ng, uning jinoiy sherigi, Guliston shahrida istiqomat qiluvchi, 1995 yilda tug‘ilgan fuqaro ushbu 600 AQSH dollarini qabul qilib olgan vaqtida ushlangan. Uning yashash manzilida 2 million 150 ming so‘m miqdorida qalbaki banknotlar borligi aniqlanib, ular protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan. 

Surishtiruv harakatlari davomida qalbaki pullar aslida Andijon shahrida tayyorlanishi ma’lum bo‘lgan. Dastlab Andijon shahrida yashovchi, 1990 yilda tug‘ilgan shaxs o‘zining “Damas” rusumli avtomashinasida 3 million 200 ming so‘m miqdoridagi 64 dona 50 ming so‘mlik qalbaki banknotlarni olib ketayotgan vaqtida qo‘lga olingan. 

So‘ngra ushbu qalbaki pullarni tayyorlovchi, 1987 yilda tug‘ilgan fuqaroning uyidan pul tayyorlashda kerak bo‘ladigan buyumlar hamda 14 million 550 ming so‘m miqdoridagi qalbaki pullar ashyoviy dalil sifatida olingan. 

Qayd etilishicha, jinoiy guruh umumiy miqdorda 300 million so‘mdan ortiq qalbaki pullarni tayyorlab, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahrida muomalaga kiritishga ulgurgan. 

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 176-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

jinoyat Andijon qalbaki pul

Baholaganlar

450

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing