Andijonda 83 va 2 yoshli bemorlar koronavirusdan sog‘aydi
Jamiyat
−
30 aprel 2020
7457Andijon viloyatida 18 nafar bemor koronavirusdan butkul sog‘aydi. Ular orasida 83 yoshli onaxon va 2 yoshli bolakay bor. Bu haqda bugun, 30 aprel kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
“Bugun Andijon viloyatida 18 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor butunlay sog‘aydi. Ular viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi“, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, sog‘ayganlarning 5 nafari erkak, 13 nafari ayollar bo‘lib, barchasi Andijon viloyatidan. Ular koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olgan. E’tiborli jihati, tuzalganlar orasida 84 yoshli onaxon va 2 yoshli bola ham bor. Samarali davolash muolajalaridan keyin so‘nggi tekshiruv natijalari ularda infeksiya yo‘qligini ko‘rsatdi.
Ma’lumot uchun, viloyatda shu paytga qadar 88 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 106 nafarga yetdi. Shunday qilib, bugun ayni paytga qadar 30 nafar bemor tuzalib, ayni paytda mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar 1126 nafarga yetdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtda mamlakatda koronavirus yuqtirganlar 2017 nafarga yetdi. Bugungacha bemorlarning 9 nafari vafot etgan.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi