Andijonda hokim o‘rinbosari 15 ming dollar pora bilan ushlandi
3-sahifa
−
11 Oktabr 2025 6177 1 daqiqa
Andijon viloyatida 15 000 AQSH dollari olgan hokimi o‘rinbosari ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizligi xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Marhamat tumani hokimi o‘rinbosari mansab mavqeidan foydalanib, tuman hududidan o‘tgan katta yo‘l bo‘yida 400 metr uzunlikdagi zovurni yopiq tizimga o‘tkazgan holda, buning hisobiga yuzaga keladigan 60 sotix yer maydonida har biri 30 kv/m bo‘lgan jami 8 ta savdo do‘koni qurish uchun yer ajratish va tegishli hujjatlarni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali rasmiylashtirib berish evaziga fuqarodan 15 ming AQSH dollari talab qilgan. U oldindan 200 AQSH dollari olgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda hokim o‘rinbosari qolgan 14800 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda ushbu mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi “a,v” bandlari va 28 (Jinoyat ishtirokchilarining turlari),211-moddasi (Pora berish) 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida 1500 AQSH dollari miqdorida pora olgan Ohangaron tuman hokimligi bosh yuriskonsulti ushlangandi.