Andijon va Qashqadaryoda noqonuniy yer sotishga uringanlar ushlandi (video)

3-sahifa

image

Andijon va Qashqadaryo viloyatlarida yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlariga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Andijon viloyatining Baliqchi tumanidagi chorvachilikka ixtisoslashgan mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari ushbu MCHJga chorva mollari uchun ozuqa ekini yetishtirish maqsadida, uzoq muddatga ijara asosida berilgan 2,5 gektar yer maydonini hamda uning ukasi o‘zi rahbarlik qilayotgan paxta va g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaligining 17,5 gektar yer maydonini, jami 20 gektar yer maydonini o‘zaro til biriktirib, noqonuniy ravishda xaridorga 225 ming AQSH dollariga sotgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ushlandi.

Andijon shahrida kuzatilgan holatda esa 1990 va 1993 yillarda tug‘ilgan aka-uka “Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri” davlat korxonasining Andijon shahar filiali sobiq xodimi hamda rieltorlik xizmati ko‘rsatuvchi MCHJ rahbari bilan o‘zaro til biriktirib, o‘zganing ishonchiga kiradi va shahar hokimligi zaxirasidagi 33 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 52 ming AQSH dollari talab qiladi. Ammo, ular so‘ralgan pul mablag‘ini MCHJ rahbarining xonasida olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. 

Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda IIB bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Qamashi tumanida yashovchi, 1978 yilda tug‘ilgan shaxs o‘zini go‘yoki tuman kadastr bo‘limi xodimi deya tanishtirib, Ko‘kdala tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroning ishonchiga kiradi va boshqa bir fuqaroga tegishli bo‘lgan 40 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 12 ming AQSH dollari va 98 mln 800 ming so‘m olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Farg‘ona viloyatining Quva, Uchko‘prik, Toshloq va Rishton tumanlarida noqonuniy yer sotish holatlari aniqlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qashqadaryo Andijon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made