Andijon hokimi qamalgandan keyin 26 ta qaror chiqargani ma’lum bo‘ldi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarov qamoqqa olingan 6 iyun, dushanba kuni “E-qaror” elektron platformasida Bahrom Haydarovning elektron imzosi orqali tasdiqlangan 24 hujjat joylangani haqidagi xabarlar tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan Adliya vazirligi munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, holat yuzasidan Andijon viloyati adliya boshqarmasi tomonidan 6 va 7 iyun kunlari qabul qilingan qaror va farmoyishlarning qonuniyligi joyiga chiqib o‘rganilmoqda.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 6 iyun kuni Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarov soat 16:50 da jinoyat ishi yuzasidan ushlangan bo‘lib, unga sud ajrimiga ko‘ra, 7 iyun kuni qamoqda saqlash ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

2022 yil 6 iyun kuni soat 9:43 va 21:18 oralig‘ida hamda 7 iyun kuni 18:10 va 21:07 oralig‘ida hokimlik devonxonasi mudiri S.Qodirjonov tomonidan Bahrom Haydarovga tegishli elektron raqamli imzodan foydalanilgan holda “E-qaror” platformasida 26 qaror va farmoyish imzolangan.

Hozirda “UZINFOCOM” MCHJ mutaxassislari tomonidan Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarovning “E-qaror” elektron tizimidagi shaxsiy kabineti Adliya vazirligining ko‘rsatmasiga asosan bloklangan.

“Ushbu jarayonda hujjatlarni soxtalashtirish ehtimoli borligini inobatga olib, tegishli materiallar prokuratura organlariga yuboriladi. Har bir qabul qilingan qarorning qonuniyligi o‘rganib bo‘lmaguncha, ularni ijroga qaratish maqsadga muvofiq emasligi yuzasidan tegishli ijrochi organlarga xabarlar berildi.

O‘rganish yakunlari bo‘yicha ma’lumot taqdim etiladi”, deyiladi munosabatda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 iyun kuni Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarov qamoqqa olindi. U jinoiy sheriklari bilan 48 mlrd so‘m byudjet mablag‘larini talon-toroj qilganlikda ayblanmoqda. Uning ortidan Andijon viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i ham hibsga olindi.

Aytish joizki, dastlab Bahrom Haydarov  davlat manfaatlariga 1 mlrd 779 mln so‘m zarar yetkazishda gumonlangandi. Andijon shahar prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan jinoyat ishi doirasida joriy yilning 3 fevral kuni deputat va hokimni tergovga jalb qilish maqsadida Andijon viloyati prokuraturasiga taqdimnoma kiritilgan.

Dastlabki tergov harakatlari davomida Bahrom Haydarov hokimiyat huzuridagi Yer maydonlarini ajratish bo‘yicha doimiy ishlovchi maxsus komissiya a’zolari bilan guruhda Yer kodeksining 17, 23, 62-moddalari, qolaversa, Prezident hamda Vazirlar Mahkamasining qaror hamda farmoyishlariga zid ravishda jismoniy va yuridik shaxslarga auksion orqali o‘zining vakolatidan qasddan foydalanib, yer maydonlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratilishi haqida mutasaddi mansabdorlarga ko‘rsatma bergani aniqlangan.

Hokim aslida bekor qilingan hujjatlarni asos qilib ko‘rsatgan holda, komissiya dalolatnomalari va yer ajratish to‘g‘risidagi qarorlariga soxta ma’lumotlar va yozuvlar kiritib, 2019-2020 yillarda yer maydonlarini ajratish to‘g‘risidagi qaror va farmoyishlarni qabul qilgan.

Keyinroq Bosh prokuratura Bahrom Haydarov Andijon shahar moliya bo‘limida ishlagan vaqtida 48 mlrd mablag‘larni talon-toroj qilishda gumonlanayotganini ma’lum qildi. Bosh prokuratura tomonidan olib borilayotgan tergov ishida 37 nafar shaxs ayblanib ulardan 32 nafari hibsga olingan.


Maqola muallifi

Teglar

Bahrom Haydarov

Baholaganlar

244

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing