O‘zbekistonda soliqchilar tayyorlovchi alohida OTM ochiladi

Jamiyat

image
OTMga davlat buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilish tartibi belgilanadi north_east

OTMga davlat buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilish tartibi belgilanadi

O‘zbekistonda soliq sohasi vakillarini talab darajasida tayyorlash maqsadida yangi institut ish boshlaydi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining " O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzurida Fiskal institutni tashkil etish to‘g‘risida"gi farmon loyihasida qayd etilgan.

Hujjatga asosan O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzurida Fiskal instituti tashkil etiladi.

Institut “Soliqlar va soliqqa tortish”, “Moliyaviy nazorat va audit”, “Soliq, moliya va tijorat huquqi”, “Iqtisodiyotda axborot texnologiyalari” ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlashni va yuqori darajada fundamental hamda ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borilishini ta’minlaydigan tayanch oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.

Belgilanishicha:

•  Institutni boshqarish Davlat soliq qo‘mitasi raisi tomonidan amalga oshiriladi;

•  Institutning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor lavozimiga yuqori malakali xorijiy mutaxassis tayinlanadi;

•  Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Malaka oshirish markazi direktori Institut prorektori hisoblanadi;

•  Institut tuzilmasida “Soliq evolyutsiyasi muzeyi” tashkil etiladi;

•  Institut o‘rnatilgan tartibda stipendiya to‘lash va moddiy ta’minot belgilashni ta’minlagan holda ta’lim muddati uch yil bo‘lgan bakalavrlarni va ta’lim muddati bir yil bo‘lgan magistrlarni tayyorlaydi;

•  Institutga o‘qishga qabul O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartiblari asosida amalga oshiriladi;

•  2020/2021 o‘quv yilida Institutning bakalavriatiga talabalarni qabul qilish kvotasi 3-ilovaga muvofiq 420 kishi (shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha 130 kishi), magistraturasiga 26 kishi (shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha 5 kishi) etib belgilanadi;

•  vazirlik, idora va yirik xo‘jalik birlashmalarining (ish beruvchilar) ehtiyojlaridan kelib chiqib, kunduzgi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos bo‘lgan yo‘nalishlar doirasida tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida sirtqi ta’lim shaklida o‘qitish tashkil etiladi;

•  Institut rektori, prorektorlari, fakultet dekanlari, dekan o‘rinbosarlari, professor-o‘qituvchilar va ilmiy xodimlarining lavozim maoshlari oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot muassasalarining tegishli xodimlari mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha bazaviy lavozim maoshlari miqdorida belgilanadi;

•  Mehnatga haq to‘lash shartlari bo‘yicha Institutning bo‘lim boshliqlari – fakultet dekaniga, bosh mutaxassis – katta o‘qituvchiga, yetakchi mutaxassis – o‘qituvchiga tenglashtiriladi, boshqa xodimlarning lavozim maoshlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi markaziy apparatining tegishli lavozimlari uchun nazarda tutilgan mehnatga haq to‘lash miqdorlarida belgilanadi;

•  Institutning ma’muriy-boshqaruv va professor-o‘qituvchilar tarkibiga Davlat soliq qo‘mitasi markaziy apparati xodimlarining tegishli toifalari uchun xizmatni o‘tash tartiblari va O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi xodimlarining tegishli toifalari uchun mukofotlarni to‘lash tartibi tatbiq etiladi;

•  Institutga professor-o‘qituvchilar o‘quv-uslubiy va ilmiy faoliyati bo‘yicha vaqt me’yorlarini, shuningdek, ular uchun cheklangan o‘quv yuklamasini mustaqil belgilash huquqi beriladi.

Institut tuzilmasida Rossiya Federatsiyasi Hukumati huzuridagi Moliya universitetining bo‘linmasi (fakulteti) tashkil etiladi va uning moddiy-texnik ta’minoti O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, soliq organlarini rivojlantirish va ko‘zda tutilmagan xarajatlar maxsus jamg‘armasi mablag‘lari va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Institutda davlat grantlari asosida tahsil olgan talabalarga o‘qishni tamomlaganidan so‘ng, davlat soliq xizmati organlarida kamida besh yil ishlab berish majburiyati yuklatiladi.


Maqola muallifi

Teglar

soliq farmon loyihasi

Baholaganlar

139

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing