OTMga davlat buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilish tartibi belgilanadi
Jamiyat
−
17 mart 2020
13367O‘zbekistonda talabalarni sohalarga ko‘ra davlat buyurtmasi asosida oliy ta’limga qamrab olish amaliyotiga alohida e’tibor beriladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2020/2021 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi farmoni loyihasida qayd etilgan.
Loyihaga asosan Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va sohalarida ehtiyoj yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislarni sifatli tayyorlashni ta’minlash, bakalavr va magistrlarni tayyorlashda ish beruvchilarning joriy va istiqboldagi ehtiyojlarini inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan 2020/2021 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga davlat buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilish umumiy parametrlari tasdiqlanadi.
Shuningdek, davlat buyurtmasining kutilayotgan kvotasi ham belgilab olinadi.
Xususan, bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha:
• kunduzgi ta’lim shakliga – 101 555 nafar;
• sirtqi ta’lim shakliga – 25 863 nafar;
• kechki ta’lim shakliga – 4 368 nafar;
magistrlar tayyorlash bo‘yicha – 10 643 nafar etib tasdiqlanadi.
Hujjatda belgilanishicha:
• oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida ajratiladigan qabul parametrlari bosqichma-bosqich 2022-2023 o‘quv yiliga qadar (2020-2022 moliya yillari mobaynida) 2019-2020 o‘quv yiliga nisbatan ikki barobarga oshiriladi;
• 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash vazirligi tomonidan beriladigan tavsiyanomaga ega bo‘lgan qizlar uchun kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha tasdiqlangan davlat grantlariga nisbatan 4 foiz miqdorda alohida grant o‘rinlari ajratiladi;
• 2020/2021 o‘quv yilida “130 000 – Matematika”, “140 000 – Tabiiy fanlar” ta’lim sohalari bo‘yicha magistratura mutaxassisliri uchun davlat buyurtmasi parametrlari to‘liq davlat granti asosida amalga oshiriladi;
• kadrlar buyurtmachilarining ehtiyojini aniqlash jarayoniga raqamli yechimlarni qo‘llash maqsadida, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab kadrlar buyurtmachilarini ehtiyojlari to‘liq avtomatlashtirilgan tarzda Axborot tizimi – new.mineconomy.uz/quota portali orqali shakllantiriladi.