Amerikalik qo‘mondon Afg‘onistonda fuqarolik urushi yuz berishidan ogohlantirdi

Olam

image

Afg‘onistonda “Tolibon” harakatining kuchayib borishi xavotirga sabab bo‘lmoqda. AQSH va NATO kuchlarining ushbu mamlakatdagi qo‘mondoni general-leytenant Ostin Skott Miller kecha, 29 iyun kuni ABC telekanaliga bergan intervyusida shunday fikrni aytib o‘tdi.

Uning ta’kidlashicha, mamlakatning xavfsizligi yaxshi holatda emas. “Afg‘onistonliklar [ahvolning] yaxshi emasligini tushunadi. Toliblar harakatda. Agar ularning faolligi shu ruhda davom etsa, mamlakatda fuqarolar urushi muqarrar. Bu masala butun dunyo hamjamiyatini tashvishga solishi kerak”, deydi Miller. 

Millerning qayd etishicha, ushbu harakat mamlakatda hokimiyatni “harbiy yo‘l bilan tortib olish”ni amalga oshirishga urinishi mumkin.

Afg‘onistondagi AQSH va NATO kuchlari qo‘mondonining so‘zlariga ko‘ra, “Tolibon” butun mamlakat bo‘ylab hujumlar operatsiyasini o‘tkazmoqda. Harakat Afg‘onistonda yangi hududlarni o‘z nazorati ostiga olayotganiga ishora qilib, Miller shunday deydi: “Biz tashvishlanishimiz kerak. Hududlarni yo‘qotish va ularning tezligi bizni tashvishga solishi kerak”.

Amerikalik qo‘mondonning ta’kidlashicha, “Tolibon” pozitsiyalarining kuchayishi munosabati bilan Afg‘oniston xalqi umidini uzishiga hamda barchasi hal bo‘ldi, degan xayollarga borishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak.

Eslatib o‘tamiz, Germaniya 20 yillik missiyadan so‘ng Afg‘onistondagi qo‘shinlarining so‘nggi kontingentini olib chiqib ketdi.

AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida AQSH Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqish ishlarini boshlab yubordi. Shu vaqtgacha Amerika o‘z harbiy kontingentining uchdan bir qismini bu mamlakatdan olib chiqib ketdi.  

Ma’lumot o‘rnida, 2020 yil fevral oyi oxirida AQSH va “Tolibon” tinchlik shartnomasini imzoladi. Kelishuvga ko‘ra, Amerika qo‘shinlari shartnoma tuzilganidan 14 oy o‘tgach, aniqrog‘i 2021 yilning mayigacha Afg‘onistonni tark etishi kerak edi. Biroq bu jarayonning “start” olishi biroz kechikdi.

Joriy yilning 14 aprel kuni Prezident Jo Bayden AQSHning Afg‘onistondagi missiyasi yakunlanganini va 1 maydan boshlab ushbu mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqishni boshlashini e’lon qildi. Unga ko‘ra, qo‘shinlarni olib chiqib ketish 11 sentyabrgacha yakunlanishi kerak.

Faollashgan "Tolibon"

Qayd etish kerakki, AQSH o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishni boshlagandan beri “Tolibon” keskin harakat qilmoqda. Tasdiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi o‘n kun ichida Afg‘onistonning Tojikiston bilan chegaradosh to‘rt viloyatida hukumat kuchlari va “Tolibon” o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lgan.

Natijada Tahor viloyatining Chaheb, Yangi Kal’a, Darkad, Dashti Qal’a, Xojag‘or tumanlari, Qunduz viloyatining Dashti Archi, Imom Sohib va Qal’ai Zol tumanlari, shuningdek Sherxon-Bandar va Kokul nazorat punktlari “Tolibon” nazorati ostiga o‘tdi. BMT ma’lumotiga ko‘ra, 22 iyun holatiga Afg‘onistonning 50 dan ortiq tumanini egallagan. 

So‘nggi kunlarda toliblar bilan janglarda og‘ir zarbaga uchragan afg‘on qo‘shinlarining qo‘shni respublikalar hududiga qochib o‘tish holatlari kuzatildi. Jumladan, joriy yilning 22 iyun kuni 130 dan ortiq afg‘on harbiylari chegaradosh Tojikistonga, 23 iyun kuni esa ularning 53 nafari O‘zbekistonga qochib o‘tgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston AQSh Kobul Toliblar

Baholaganlar

142

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing