Amerikalik askar Rossiyada qamalishi mumkin
Olam
−
08 may
8606Sevgan qizini ko‘rish uchun Vladivostokka uchgan AQSH armiyasi katta serjanti Gordon Blek undan 200 ming rubl o‘g‘irlaganlikda gumon qilinmoqda. Bu haqda huquq-tartibot idoralaridagi manbalariga tayanib, kecha, 7 may kuni “Izvestiya” xabar berdi.
Blek Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksi 158-moddasi (katta miqdorda zarar yetkazgan o‘g‘rilik) 2-qismi “v” bandida qayd etilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanmoqda. Bu modda besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi.
“The New York Post” nashrining yozishicha, harbiy xizmatchi Vladivostokka 31 yoshli Valentina Vashuk ismli qizni ko‘rgani borgan. Jurnalistlar Vashuk va Blekning TikTok’da joylashtirgan videolariga e’tibor qaratdi. Ulardan birida amerikalik askar NATO blokini “tajovuzkor” deb atagan va “o‘zini himoya qilmoqchi bo‘lgan Rossiyani tushunishini” aytgan. Boshqa bir videoda u sevgilisining “(Donald) Tramp yaxshiroq” degan so‘zlariga qo‘shilgan hamda o‘z mamlakati va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarning yomonlashuvida AQSHning amaldagi Prezidenti Jo Baydenni ayblagan. Bir nechta videolarda qiz Blekni haqorat qilgan va masxara qilgan.
Janubiy Koreyadagi AQSH harbiy bazasida xizmat qilgan 34 yoshli Blek Texasdagi Fort Kavazosga ko‘chirilgan. Biroq u yerga borishning o‘rniga, katta serjant Xitoyga o‘tib, undan Vladivostokdagi sevgan qizinikiga uchib ketgan.
Qiz o‘g‘rilik haqidagi ariza bilan politsiyaga murojaat qilganidan so‘ng, u mehmonxonada hibsga olingan. Bu o‘g‘rilikni harbiy xizmatchi unga tashrif buyurganida sodir etgani aytilmoqda. Rossiya Ichki ishlar vazirligining aniqlik kiritishicha, Blek 2 may kuni qo‘lga olingan.
Pentagon voqea yuzasidan o‘z tekshiruvini o‘tkazayotganini bildirdi. Vashingtonning ta’kidlashicha, Blek Vladivostokka uchish rejalari haqida qo‘mondonlikni xabardor qilmagan va bunday sayohatga ruxsat olmagan. Avvalroq AQSH Davlat departamenti Ukrainadagi urush va ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlardagi umumiy keskinlik fonida mamlakat fuqarolarini Rossiyaga sayohat qilishdan qat’iy cheklagan edi.
Amerika rasmiy manbalari Blek uylangani, rossiyalik sevgilisi bilan esa Janubiy Koreyada uchrashgani haqida xabar berdi. Biroq o‘tgan yilning kuzida ular o‘rtasida mojaro kelib chiqqan, shundan so‘ng qiz Rossiya Federatsiyasiga qaytib ketgan. Rossiya IIV ma’lumotlariga ko‘ra, shundan so‘ng ular internet orqali muloqot qilishda davom etgan. Serjantning rafiqasi jurnalistlarga izoh berishdan bosh tortdi.
LiveBarchasi