Amanbay Orinbayev Senat raisi o‘rinbosari bo‘ldi
Jamiyat
−
13 Sentabr 2022
5307Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev Senat raisi o‘rinbosari lavozimiga saylandi. Bu haqda bugun, 13 sentyabr kuni Oliy Majlis Senatining o‘ttiz ikkinchi yalpi majlisida qaror qabul qilindi.
Yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonunning 9 va 15-moddalariga hamda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida”gi Qonunning 4-moddasiga muvofiq Murat Kallibekovich Kamalov Oliy Majlis Senati Raisining o‘rinbosari lavozimidan ozod etilgan.
Amanbay Tleubayevich Orinbayev Oliy Majlis Senati Raisining o‘rinbosari etib saylangan. Bu borada Senatning tegishli qarori qabul qilingan.
Avvalroq Amanbay Orinbayev Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Senat a’zosi etib saylangani haqida xabar bergan edik.
Ma’lumot uchun, Amanbay Orinbayev joriy yilning mart oyida Qoraqalpog‘iston Ichki ishlar vaziri lavozimiga tayinlangandi. Keyinroq, 26 iyulda u vazir lavozimidan ozod etilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining Ekologiya va Orolbo‘yi hududlarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.
Avgust oyida Jo‘qorg‘i Kengesidagi bo‘sh qolgan deputatlik o‘rinlariga o‘tkazilgan saylovda Amanbay Orinbayev parlament a’zosi etib saylandi.
Keyinroq, joriy yilning 26 avgust kuni Amanbay Orinbayev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi lavozimini egalladi.