Amaldorlarga yana bir majburiyat yuklanishi mumkin

Jamiyat

image

O‘zbekistonda davlat idoralarining turli darajadagi rahbarlari o‘plab foydalanuvchilarga ega ijtimoiy tarmoqlarda sahifasini ochadi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining “Davlat organlari faoliyatini yoritish uchun ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalaridan foydalanishni takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasida belgilangan.

Qarorga muvofiq 2021 yil 1 fevraldan boshlab quyidagicha tartib o‘rnatiladi:

a) davlat idoralari faoliyatini doimiy yoritib borish hamda amalga oshirilayotgan loyihalarni jamoatchilikka tezkor va tushunarli yetkazib berish orqali tashkilotning ijobiy imijini shakllantirishga doir vazifalarni amalga oshirish jarayonida hamorlikda ishlovchi jurnalist va foydalanuvchilar soni yuqori bo‘lgan blogerlardan iborat “Media pul” tashkil etadi;

b) jurnalistlarning akkreditatsiya qilish to‘g‘risidagi yozma va elektron murojaatlari davlat idoralari tomonidan tegishli murojaat olingan kundan boshlab ko‘pi bilan uch ish kunida ko‘rib chiqilishi belgilanadi;

v) davlat idoralari o‘zlarining jamoatchilik kengashlari faoliyati va a’zolar ro‘yxatini qayta ko‘rib chiqadi va jamoatchilik kengashlari tarkibiga kamida bir nafardan faol jurnalist va/yoki blogerni kiritish choralari ko‘riladi;

g) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) tomonidan ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va mobil messenjerlarning monitoringi natijasida aniqlangan davlat idoralari faoliyatiga taalluqli, aholining keng qatlami ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi material va ma’lumotlarga davlat idoralarining tezkor munosabat bildirish muddati bir kun qilib belgilanadi;

d) davlat idoralari har chorakda kamida bir marta ommaviy axborot vositalari va blogerlar uchun ochiq bo‘lgan matbuot konferensiyalari, brifinglar tashkil etish va intervyular, savol-javoblar o‘tkazish yo‘li bilan jamoatchilikka doimiy hisobot berib boradi;

ye) davlat idoralarining turli darajadagi rahbarlari “Facebook”, “Twitter”, “Instagram”, “Telegram” kabi ko‘plab foydalanuvchilarga ega ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlarda o‘z rasmiy sahifalarini ochadi va ularni belgilangan tartibda verifikatsiya qilish choralarini ko‘radi;

yo) davlat idoralarining birinchi darajali rahbarlari axborot xizmatlari bilan birgalikda Internet tarmog‘idagi “Wikipedia” mustaqil internet-ensiklopediyasida alohida veb-sahifa ochib, o‘zi boshqarayotgan davlat idorasi va o‘zining mehnat faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘zbek, rus, ingliz tillarida joylashtiradi;

j) davlat idoralari 2021 yil yakuniga qadar o‘zlarining ochiq ma’lumotlari va yangiliklarini mobil qurilmalar orqali qulay, tezkor ravishda olish imkoniyatini taqdim etuvchi “Android” va “iOS” operatsion tizimlarida ishlovchi mobil ilovalarni ishga tushiradi hamda mazkur ilovalardagi axborot, ma’lumotlar bazasini O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasining ochiq ma’lumotlar portali (opendata.gov.uz) bilan integratsiya qilish choralarini ko‘radi;

z) davlat idoralarining rahbar xodimlari o‘z rasmiy sahifalarida hafta davomida kamida uch marta boshqaruvidagi davlat idorasi faoliyatiga daxldor bo‘lgan axborotni joylashtirib boradi hamda mazkur sahifalar orqali jamoatchilik fikrini o‘rganib, murojaat va savollarga javob berib borilishini tashkil etadi;

i) davlat idoralari axborot xizmatlari, tarkibiy tuzilmalar muntazam ravishda o‘z rahbarlarini tashkilot faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan axborot materiallari bilan ta’minlaydi hamda rahbar xodimlarning rasmiy sahifalaridagi axborotlarini ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar va ommaviy axborot vositalari orqali keng miqyosda tarqatilishini amalga oshiradi.


Maqola muallifi

Teglar

amaldor ijtimoiy tarmoqda

Baholaganlar

58

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing