Allamjonovga suiqasd qilishda gumonlangan Javlon Yunusov Janubiy Koreyada qo‘lga olindi
3-sahifa
−
25 noyabr
18463O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Axborot siyosati departamentining sobiq rahbari Komil Allamjonovga nisbatan sodir etilgan qotillikka suiqasd qilishga aloqadorlikda gumonlangan Javlon Yunusov Janubiy Koreya Respublikasida qo‘lga olinib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi. Bu haqda Bosh prokuratura ma’lum qildi.
Bildirilishicha, tergov harakatlari davomida hodisa sodir bo‘lgan joyni va ayblanuvchilar boshqaruvida bo‘lgan avtomashinalarni ko‘zdan kechirish hamda ular istiqomat qilgan xonadonlarda o‘tkazilgan tintuvlarda ishga aloqador bo‘lgan ashyoviy dalillar aniqlanib olingan.
O‘tkazilgan tergov va tezkor–qidiruv tadbirlari davomida ushbu jinoyatni sodir etishga aloqador bo‘lgan jami 7 nafar shaxs aniqlanib, 5 nafariga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan, shuningdek, 2 nafariga nisbatan qidiruv e’lon qilingan edi.
Qidiruvda bo‘lgan ayblanuvchi K.S.ning Qozog‘iston Respublikasida yashiringan manzili aniqlanib, uning ishtirokida tergov harakatlari olib borilgan.
"Shuningdek, qidiruvda bo‘lgan ayblanuvchi Javlon Yunusov Janubiy Koreya Respublikasida qo‘lga olinib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan. Tergov harakatlari davom etmoqda", deyiladi xabarda.
Allamjonovga suiqasd
26 oktyabr kuni soat 01:40 larda fuqaro S.S.ning boshqaruvidagi Range Rover rusumli avtomashina Qibray tumani, Ifor ko‘chasi bo‘ylab harakatlangan vaqtida 2 nafar noma’lum shaxslar mazkur avtomashinaga o‘qotar quroldan bir necha marotaba o‘q uzib, noma’lum tomonga yashiringan. Ushbu holatda biror-bir shaxs tan jarohati olmagan.
Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan Jinoyat kodeksining 25, 97 (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) hamda 248 (O‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Bosh prokuratura, Toshkent viloyati, Toshkent shahar, Harbiy, Transport prokuraturalari hamda IIV, viloyat, Toshkent shahar IIBB, Bojxona qo‘mitasi xodimlaridan iborat tarkibda tergov-tezkor guruhi tuzilgan.
27 oktyabr kuni Bosh prokuratura tomonidan o‘tkazilgan tergov va tezkor qidiruv tadbirlari davomida ushbu jinoyatni sodir etgan shaxslarning bir nafari aniqlanib, gumonlanuvchi tariqasida qo‘lga olinganini bildirdi. Ertasi kuni esa suiqasdga aloqador yana uch kishi aniqlanib, gumonlanuvchi tariqasida ushlangani xabar qilindi.
Keyinchalik suiqasdda Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning qo‘li borligi haqida xabarlar tarqaldi. Checheniston rahbari bunday ayblovlarni rad etib, bu xabarni provokatsiya deb atadi.
"Agar men haqiqatan ham biror narsani rejalashtirgan bo‘lsam, uni oxirigacha va 100% natija bilan ko‘raman”, degandi Ramzan Qodirov.
LiveBarchasi
26 noyabr