Ilhom Aliyev ukrainaliklarga juda muhim maslahat berdi
Olam
−
20 iyul 20765 4 daqiqa
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Ukraina yaxlitligini tiklash bo‘yicha bir qator tavsiyalar berdi. Bu haqda u kecha, 19 iyul kuni Xonkendida bo‘lib o‘tgan uchinchi Shusha xalqaro media-forumida so‘zlagan nutqida so‘z ochdi.
Forumda Ozarbayjon rahbaridan o‘ttiz yildan so‘ng o‘z hududiy yaxlitligini tiklashga muvaffaq bo‘lgan xalq rahbari sifatida ukrainaliklarga qanday maslahat berishi so‘raldi.
Bunga javoban Aliyev bir necha yil avval ham shunga o‘xshash savolga javob berganini va uning javobi avval aytganidan farq qilmasligini ma’lum qildi. U vaziyatni Tog‘li Qorabog‘ yuzasidan Armaniston bilan bo‘lgan mojaroga qiyosladi.
“Menimcha, bu Ukraina xalqining orzu-umidlariga to‘g‘ri keladi. Hech qachon bosib olishga rozi bo‘lmang. Bu asosiy maslahat. Biz shunday qildik”, degan Ilhom Aliyev.
Savollarga javob berishda davom etar ekan, Prezident o‘z mamlakati haqida ham gapirib berdi. Xususan, Birinchi Qorabog‘ urushi davri Ozarbayjon uchun juda og‘ir va fojiali bo‘lib, ko‘plab qurbonlar bo‘lganini aytdi. Aliyevga ko‘ra, to‘qnashuvdan keyingi davr ham unchalik oson bo‘lmagan.
“Iqtisodiy nuqtai nazardan qaraganda, bizda tirikchilik vositasidan mahrum bo‘lgan bir million odam bor edi. Qorabog‘ viloyatidan 700 mingdan ortiq ozarbayjon, shuningdek, Armanistonda yashovchi 250 ming ozarbayjon deportatsiya qilindi”, dedi Prezident.
Uning qo‘shimcha qilishicha, o‘sha paytda mamlakat aholisi 8 million kishini tashkil qilgan. Davlat aholi jon boshiga qochqinlar soni bo‘yicha eng yuqori davlatlardan biriga ega edi. Ozarbayjon byudjeti bo‘sh bo‘lgan va mamlakatga tashqaridan deyarli hech qanday yordam kelmagan. Xususan, xalqaro qo‘llab-quvvatlash mavjud bo‘lmagan.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, ana shunday qiyin sharoitda mamlakatni Aliyevning otasi, marhum sobiq prezident Haydar Aliyev boshqargan va u vaziyatni barqarorlashtirishga hamda davlatni bosqichma-bosqich tiklashga muvaffaq bo‘lgan.
“Asta-sekin biz oyoqqa tura boshladik, jonlana boshladik va faqat bir narsani o‘ylashga tushdik. Ishonchim komilki, fuqarolarimizning katta qismi mening aytganlarimga qo‘shiladi. Biz bosib olingan hududni qanday qaytarish haqida o‘yladik. Bu qiyin bo‘lishini tushunardik”, deydi Aliyev.
Ko‘p o‘tmay, xalqaro vaziyat Ozarbayjonga qarshi bo‘lsa ham, mamlakat asta-sekin o‘z hududini qaytarib ola boshladi. Xususan, Aliyevga ko‘ra, YeXHTning Minsk guruhi Armaniston tomonida bo‘lib, undagilarning barchasi status-kvo o‘zgarmasligi va vaziyat abadiy davom etishini ta’minlashga harakat qildi. Bundan tashqari, boshqa masalalar ham bor edi. Biroq, Ozarbayjon bunday voqeliklarga rozi bo‘lmagan va 2020 yilda mustaqil qaror qabul qilgan.
“Biz yangi voqeliklarni yaratamiz, keyin siz ularga chidashingiz kerak, deb qaror qildik. Shunday ham bo‘ldi, biz 2020 yilda yangi realliklarni yaratishni boshladik. Ular bunga ko‘nishga majbur bo‘ldi, keyin esa 2023 yilning sentyabr oyida amaliyot o‘tkazib, masalani bir kunda hal qildik. Shunday qilib, men savolga biroz kengroq javob beryapman, ammo bu boshlang‘ich fikrimni ochib beradi”, dedi Aliyev.
Javobini davom ettirar ekan, u asosiy fikrga urg‘u berdi:
“Mening aytganlarimga qaytsak – hech qachon taslim bo‘lmang va hududiy yaxlitlikning buzilishiga umuman rozi bo‘lmang”, degan u.
Aliyev bosib olingan hududlarni qaytarishdan oldin u 17 yil davomida Ozarbayjon Prezidenti bo‘lganini qo‘shimcha qildi. Shu bilan birga, u adolatga bo‘lgan ishonchi deyarli yo‘qolganini aytdi.
Ozarbayjon Prezidenti yana bir muhim omil sifatida jamiyatning konsolidatsiyasini (birlashuv, jipslashuv) qayd etdi.
“Konsolidatsiya menga Prezident va Oliy bosh qo‘mondon sifatida ma’naviy kuch berdi. Jamiyat va xalq mening orqamda turishiga ishonchim komil edi. Va bu, ehtimol, hal qiluvchi omillardan biri bo‘lgan. Shuning uchun yana qaytaraman: hech qachon taslim bo‘lmang”, deya xulosa qildi Aliyev.
Bir necha oy oldin Aliyev dunyoda urushlar tomonlardan biri taslim bo‘lish to‘g‘risidagi hujjatni imzolaganidan keyingina tugashini aytgan edi. Forumda Ukrainadagi urush masalasiga to‘xtalgan Ozarbayjon Prezidenti yaqin kelajakda Ukraina va Rossiya o‘rtasida tinchlik o‘rnatish istiqbollarini ko‘rmayotganini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Ilhom Aliyev Ozarbayjon 2024 yilning dekabrida Qozog‘istonda halokatga uchragan Ozarbayjon havo yo‘llarining (AZAL) Embraer 190 samolyoti halokati bilan bog‘liq holda Rossiyaga qarshi xalqaro sudlarga taqdim etish uchun hujjatlarni tayyorlayotganini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi