Alisher Usmonov YeI Kengashini sudga berishi mumkin
Olam
−
27 avgust 5570 2 daqiqa
Rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonov advokati Yoaxim Shtaynxefel orqali “Forbes” jurnalidagi maqola tufayli tuhmat aybi bo‘yicha Yevropa Ittifoqi Kengashiga qarshi sudga murojaat qilishi mumkin. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Shtaynxefel “Forbes” jurnaliga qarshi sudga murojaat qilgan, chunki unda Usmonov “Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni himoya qilgani va uning biznes muammolarini hal qilgani” aytilgan. Bungacha esa Gamburg sudi aynan ushbu maqolani noqonuniy deb topgan, biroq “Forbes” sudga apellyatsiya kiritgan. Chunki nashr maqolani “mualliflik huquqi bilan himoyalangan fikr” ekanini, fakt emasligini aytmoqda.
Yevropa Ittifoqi Kengashi esa aynan shu maqolani Usmonovga qarshi sanksiyalar kiritishga asos qilib olgan. Agar Shtaynxefel apellyatsiyada g‘alaba qozonsa, u Kengash bilan ham sudlashishni davom ettiradi. Qayd etilishicha, advokatning da’vosi Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga qarshi emas, balki Kengashdan bahsli bayonotlarni kelajakda tarqatishni to‘xtatishni talab qilishga qaratilgan.
Usmonovning advokati telekanalga bergan izohida “jurnalistning fikri sanksiyalar uchun asos bo‘la olmaydi”, deya ta’kidlagan.
“Kengash manbalarni to‘g‘ri tekshirmaydi va matbuotdagi tekshirilmagan maqolalar bilan kifoyalanadi, hattoki muallif sudda o‘z so‘zidan voz kechganda ham”, deydi advokat.
Bundan tashqari, u Usmonov “Ukrainani beqarorlashtirishni faol qo‘llab-quvvatlaydi”, degan ayblovni ham rad etmoqda. Chunki bu faqat u Rossiya byudjetiga soliq to‘laydigan kompaniya aksiyalariga egaligi bilan asoslangan. Shtaynxefelning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi Kengashi “vositachilar orqali majburlash” usulidan foydalanib, go‘yoki “Moskva ustidan ta’sir kuchiga ega” deb hisoblangan biznesmenlarga bosim o‘tkazmoqda va bu demokratiya tamoyillaridan chetga chiqadi.
Esaltib o‘tamiz, avvalroq Germaniyaning Gamburg sudi Alisher Usmonovning “Dilbar” yaxtasiga egalik qilishi to‘g‘risidagi “Mediahuis Luxembourg” nashriyoti ilgari surgan da’voni haqiqatga zid deb topgandi va uni tarqatishni taqiqlagan edi.
Live
Barchasi