Alisher Qodirov otalarning oiladagi obro‘sidan xavotirda
Jamiyat
−
20 iyun
6948“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan “ish haqi saqlanadigan 3 yillik onalik ta’tili” loyihasi ustida ish olib borilmoqda. Bu haqda partiya rahbari Alisher Qodirov o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Qodirov o‘z murojaatida dastlab erkaklar nafaqat oilada, balki butun jamiyatda obro‘sizlantirilayotgani va bu keyinchalik jiddiy salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi. Deputat o‘z fikrini quyidagicha izohladi:
“Bog‘cha va maktabni erkak tarbiyachi va o‘qituvchilar tashlab ketganiga ancha bo‘ldi. So‘nggi yillarda erkaklar oiladan ham siqib chiqarilayotgandek… Turli millatlarda qadriyatlar turlicha bo‘ladi, bizniki ham o‘zimizga xos. Ming yillar davomida shakllangan qadriyatlarimizda erkak va ayol munosabatlaridagi muvozanatni ayol farovonligining asosiy dushmani deb ko‘rsatayotganlar, allaqachon oila va otalikni yanchib tashlab bo‘lgan madaniyatlarning targ‘ibotchilariga tashlab qo‘ymayapmizmi?“
Shuningdek, Alisher Qodirov ahmoqlar hamma millatda topilishi, ayrim zo‘ravon va tarbiyasizni misol qilib ko‘rsatish orqali o‘zbek erkaklarining hammasi ayolini xor qiladi degan qarashlarni yoshlar ongiga singdirish qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin degan savolni o‘rtaga tashladi.
Partiya rahbari murojaatining ikkinchi va asosiy qismida u va uning jamoasi tomonidan mehnat qonunchiligida jiddiy o‘zgarishga olib keluvchi loyiha amalga oshirilayotgani haqida so‘z ochdi.
“Biz saylov dasturimizda farzand ko‘rgan ayollarga tarbiya treninglarida ishtirok etish sharti bilan 3 yilgacha haq to‘lanadigan onalik ta’tili berish taklifi ustida ishlayapmiz”, dedi deputat.
Ma’lumot o‘rnida, amaldagi yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida onalik ta’tili bo‘yicha belgilangan tartib Qodirov ilgari surayotgan taklifdan mutlaqo farq qiladi.
Xususan, Mehnat kodeksining 404-moddasiga ko‘ra ayolga tug‘ruqqacha yetmish kalendar kun hamda tug‘ruqdan keyin ellik olti kalendar kun (tug‘ish qiyin kechgan yoxud ikki yoki undan ortiq bola tug‘ilgan taqdirda yetmish kalendar kun) homiladorlik va tug‘ish ta’tili berilib, qonunchilikda belgilangan, lekin o‘rtacha oylik ish haqining yetmish besh foizidan kam bo‘lmagan miqdorda nafaqa to‘lanadi.
405-moddaga binoan esa, homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugaganidan keyin, ayolning xohishiga ko‘ra, unga bolasi ikki yoshga to‘lguniga qadar bolani parvarishlash ta’tili berilib, bu davr uchun Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda nafaqa to‘lanadi. Ayolga uning xohishiga ko‘ra, bolasi uch yoshga to‘lguniga qadar uni parvarishlash uchun ish haqi saqlanmagan holda qo‘shimcha ta’til ham beriladi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr