O‘zbekistonda qizlar armiyaga borishi kerakmi? Harbiylardan javob

Jamiyat

image

2024 yilgi parlament saylovlarida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov qizlarni o‘z xohishiga ko‘ra harbiy xizmatga jo‘natish taklifini ilgari surgan edi. 

“Vatanni himoya qilishda erkak yo ayol degan tushunchaning o‘zi bo‘lmaydi. Ayniqsa, ayollarning sadoqati va jur’ati ko‘p joylarda namuna bo‘lishi kerak. Bu bizning qadriyatlarimizga juda ham uyg‘un”, degan edi Alisher Qodirov.

Uning bu taklifi keng jamoatchilik orasida katta muhokamalarga sabab bo‘lib, kimlarningdir qo‘llab-quvvatloviga, kimlarningdir e’tiroziga sabab bo‘lgandi. Xo‘sh, bu borada harbiylarning fikri qanday? 27 dekabr kuni Mudofaa vazirligi Ma’naviyat va madaniyat departamentida bo‘lib o‘tgan press-tur davomida QALAMPIR.UZ mudofaa tizimi xodimlariga aynan shu savol bilan yuzlandi. 

“Qizlarimiz muddatli harbiy xizmatga qabul qilinmaydi. Bu qonunchilikda belgilangan. Ammo shartnoma asosida ma’lumotiga qarab ishga olinishi mumkin. Mening shaxsiy fikrim ham mana shu qonunchilik bilan bog‘liq”, dedi Polkovnik Otabek Yo‘ldoshev.

Ammo boshqa bir harbiy, podpolkovnik Ahror Ochilov deputat Alisher Qodirovning fikrini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

“Men bu taklifni qo‘llab-quvvatlayman. Ko‘plab xorijiy davlatlar bu tajriba sinab ko‘rildi va o‘zining ijobiy natijasini bergan. Umuman olganda hozirgi zamondan kelib chiqsak, qizlarda harbiy sohaga qiziqish katta. Ularning qiziqishini inobatga olgan holda qizlarga to‘g‘ri keladigan qaysidir sohalarga xizmatga olish tarafdoriman”, dedi podpolkovnik.

Shuningdek, ko‘plab harbiylar o‘tmishda To‘maris kabi ko‘plab o‘zbek harbiy ayollari bo‘lganini eslatib, ular ham vatan uchun jonini berishga tayyor, deb o‘ylashlarini bildirdi. 

“Turkiy xotin-qizlarning jangovar salohiyati haqida ko‘plab manbalardan o‘qiganmiz. Biz turkiy xalqlar, ayniqsa, o‘zbek xotin-qizlari ishdan, mehnatdan, kerak bo‘lsa, dushmanning oldiga tik chiqishdan qo‘rqmaydi. Bunga tariximiz guvoh”, dedi katta leytenant Bobur Elmurodov.

Shuningdek, Mudofaa vazirligiga oid axborot tizimlarida faoliyat ko‘rsatuvchi ayol harbiy xodima ham qizlarning armiyaga borishi haqidagi taklifni qo‘llab-quvvatladi.

“Armiyaga borish bu vatanda tug‘ilib-o‘sgan har bir insonning burchi. O‘g‘ilmi yoki qiz vatanga foydasi tegadigan bo‘lishi kerak. Chunki tinchlik hammamiz uchun qadrli. Ayol jazm etsa, har ishga qodir, deganlaridek har qanday insonning o‘zida vatanga kuchli mehr-muhabbat bo‘lsa va eng avvalo kasbini sevsa, albatta o‘z o‘rnini topadi”, dedi u.

Bundan tashqari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi maktabni bitirgan va oliy ta’lim muassasalarida ta’limni davom ettirmayotgan yigitlarni majburiy tarzda muddatli harbiy xizmatga jo‘natish taklifini ham ko‘targan edi. Mudofaa tizimi xodimlaridan ayni shu savolga ham javob so‘raldi. Ularning bu boradagi fikri turlicha.

“Agar shunday bo‘lgan taqdirda ham buning nimasi yomon? Axir bu vatan oldidagi ulug‘ burchimiz-ku”, dedi yosh harbiylardan biri. 

“Nafaqat harbiy sifatida, balki bir O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, bir erkak sifatida har bir harbiy xizmatga yaroqli yigit armiyaga borishi shart deb hisoblayman. Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan”, dedi boshqa bir harbiy.

Ammo ayrim harbiylar majburiy harbiy xizmatni yoqlamadi.

“Men 50 yoshdaman va mana shu yoshimda ham O‘zbekistonga qarshi har qanday tahdid yuzaga kelgan holda qo‘shinlar safida xizmat qilishga tayyorman. Yoshlarimiz ham o‘zining xohish-istagiga ko‘ra, vatan uchun xizmat qilishga otlanishi kerak. Vatanni majburlab sevib bo‘lmaganidek, vatanga sadoqat bilan xizmat qilishni ham majburiy qilish xato”, dedi u.


Maqola muallifi

Teglar

Mudofaa vazirligi harbiy xizmat qizlar Alisher Qodirov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing