“Kelajakda mayib-majruh farzandlar bilan shug‘ullanishimiz kerak”. Qodirov elektron sigaretalarni taqiqlashga chaqirdi

Jamiyat

image

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining rahbari Alisher Qodirov O‘zbekistonda elektron sigaretalar taqiqlanishini nazarda tutuvchi qonunni qabul qilishga chaqirdi. Bu haqda u Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yig‘ilishida so‘z ochdi.

“Avvalambor, Sog‘liqni saqlash vazirligining ushbu qonun bo‘yicha qilgan tashabbusi uchun rahmat aytaman. Bu dolzarb qonun. Biz o‘tgan chaqiruvda uni o‘tkaza olmadik. Fraksiyamiz juda qattiq harakat qildi, lekin o‘tgan chaqiruvdagi deputatlarimizga buni qanchalik muhim ekanligini tushuntira olmagandirmizki, qonun qabul qilinmagan yoki boshqa sabablari bo‘lishi mumkin. Lekin hozirgi chaqiruvda barcha fraksiyalarni qo‘llab-quvvatlayotgani, albatta, bizga juda katta g‘urur bermoqda", dedi deputat.

U o‘z so‘zida respublikada 6 foiz chekuvchilar borligi, ularning ichida 1 foizi elektron sigaretalar chekishi, qolgan 5 foizi tabiiy tamaki chekuvchilar ekanini aytgan. Qodirovning ta’kidlashicha, tabiiy tamaki chekuvchilarning bolasi ham tabiiy tamaki chekuvchi bo‘ladimi-yo‘qmi, buni hech kim isbotlamagan. Lekin bugun mana shu 6 foiz kishi o‘ziga zarar bermoqda. Lekin elektron sigaretalar chekuvchi 1 foiz odam kimyoviy birikmalar hisobiga tuzatib bo‘lmas zarar keltirmoqda. Shuningdek, ular kelajak uchun mutatsiyaga uchragan avlodni qoldiryapti.

“Agar bu DNKga ta’sir qiladigan bo‘lsa, biz kelajak avlodda mayib-majruh farzandlar degan masala bilan shug‘ullanishimiz kerak. O‘zi shundoq ham bugun O‘zbekistonda avlodning sog‘lomligi masalasida juda katta muammolarni hal qilishga to‘gri kelyapti”, degan Qodirov.

Alisher Qodirov, shu bilan birga, elektron sigaretalar taqiqlanishini nazarda tutgan qonun loyihasiga qarshi ovoz berganlarga bir nechta fikrlarni keltirib o‘tdi:

"Birinchidan, aroq yoki tabiiy tamaki insonga zarar, lekin bu zararni ma’lum bir bosqichgacha davolash mumkin. Sun’iy tamakidagi murakkab kimyoviy elementlar inson tanasidan chiqib ketmaydi, DNKni buzadi, intellektual o‘sishni keskin zaiflatadi va reproduktiv salomatlikka jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.

Ikkinchidan, aroq yoki tabiiy tamakini, asosan, katta yoshdagilar iste’mol qiladi, ular o‘zi uchun tanlovini qilib bo‘lgandir, lekin elektron sigaretalar maktab o‘quvchilari yoki 30 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida keng yoyilib ketmoqda. Iste’molchinng 2/3 qismi yoshlar. Yarmi qizlar. Xalq bu ofatning kelajakdagi zararidan qutula olmaydi.

Buni hozir to‘xtatmasak, 20 yildan keyin hech qanday qonun yoki davlat dasturi sezilarli ko‘p intelektual zaif qatlamga yordam bera olmaydi”, degan u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ayrim turdagi tamaki mahsulotlarining, tamakini hamda nikotinni iste’mol qilish moslamalarining, shu jumladan, elektron sigaretalarni ishlab chiqarish, tayyorlash, o‘tkazish maqsadida ularni saqlash, tashish yoki o‘tkazish taqiqlanishi mumkinligi xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Alisher Qodirov elektron sigareta

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing