Alisher Qodirov Medvedevning migrantlar bolalari haqidagi chaqirig‘iga javob qaytardi
Jamiyat
−
01 noyabr
16778Avvalroq, Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev rus tilini bilmaydigan migrantlar farzandlarini maktabga qabul qilishni to‘xtatish vaqti kelganini aytgan edi. Uning bu chaqirig‘iga O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari Alisher Qodirov munosabat bildirdi.
Qodirovga ko‘ra, bolalarga qilinadigan bu shafqatsizlik kelajakda rus tiliga munosabatni shakllantiradi.
“O‘zbekistonda rus tilini ommalashtirishga yo‘naltirilayotgan samarasiz mablag‘lar Rossiyadagi o‘zbekistonliklarga rus tilini o‘rgatishga ishlatilsa samarasi ko‘proq bo‘ladi”, deb yozgan u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Davlat Dumasining Mehnat, ijtimoiy siyosat va faxriylar ishlari bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Yaroslav Nilov Rossiya fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning bolalari uchun bog‘cha va maktablarda bepul ta’lim olishni bekor qiluvchi qonun loyihasini ishlab chiqqandi.
Shuningdek, Rossiyaning Sverdlovsk viloyatidagi bola huquqlari bo‘yicha vakil Igor Morokov OTB telekanalining “Aksent” dasturiga bergan intervyusida maktablarda tahsil olayotgan migrant oilalarning farzandlariga nogiron sifatida qarash kerakligini aytgandi. Morokov Rossiya maktablarida tahsil olayotgan, ammo rus tilini bilmaydigan o‘quvchilarning mavjudligi bilan bog‘liq muammoga shu tariqa “yechim” borligini ta’kidlagandi. Ombudsman bu o‘quvchilar soni kam bo‘lgan sinflarni tashkil etish va o‘qituvchilarga qo‘shimcha haq to‘lash imkonini berishini aytgan edi.