Alimentdan qarzdor ota boshqa xotinining uyidan topildi (video)
3-sahifa
−
18 dekabr 3434 2 daqiqa
Jizzax viloyatida alimentdan qarzdor ota boshqa xotinining uyidagi balkonda yashiringani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Majburiy ijro byurosi matbuot kotibi Farrux Toshpo‘latov QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Majburiy ijro byurosining Do‘stlik tumani bo‘limi tomonidan qarzdor M.X. ga nisbatan aliment to‘lovlarini amalga oshirmagani sababli qidiruv e’lon qilingan. Byuroning Jizzax viloyati boshqarmasi qidiruv shu’basi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida u Forish tumanida boshqa xotinining uyida ko‘p qavatli uy balkoniga yashiringan vaqtida topilgan.
Uning aliment qarzi 43 million so‘mdan oshgan bo‘lib, qarzdor davlat ijrochisiga topshirilgan.
Qayd etilishicha, Jizzax viloyatida joriy yil boshidan 430 nafar farzandlarini moddiy ta’minlashdan qasddan bo‘yin tovlab, davlat ijrochisidan yashirinib yurgan qarzdor topilgan. 192 nafar qarzdor shaxslarni bo‘yicha qidiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada aliment to‘lashdan qochib, parda ortiga yashiringan ota qamalgandi. O‘tgan yili Qashqadaryoda aliment to‘lamasdan qochib yurgan erkak uyidagi ko‘rpalar tagidan, Namanganda va Surxondaryoda uy yerto‘lasidan, Xorazmda tovuq fermasidan, Farg‘ona shahrida tungi klubdan, Andijonda xolasining va Buxoroda buvisining uyidan topilgandi. Shuningdek, ilgariroq Surxondaryo viloyatida voyaga yetmagan bir farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan ota ukasining nikoh to‘yida ushlangandi. Andijon viloyatida esa aliment to‘lashdan qochib yurgan ota o‘z uyining qurilishi tugallanmagan hududida, shifer ortidan topilgan. Samarqand viloyatida esa aliment to‘lashdan qochib yurgan ota shkaf ichidan chiqqan.
Live
Barchasi