Aliment to‘lashdan qochib yurgan ota ko‘rpa tagidan topildi (video)
3-sahifa
−
14 mart
10491Qashqadaryoda aliment to‘lamasdan qochib yurgan er uyidagi ko‘rpalar tagidan topildi. Bu haqda Majburiy ijro byurosi matbuot kotibi Farrux Toshpo‘latov QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tumanlararo sudining 2020 yil 22 maydagi qaroriga asosan qarzdor erkakdan undiruvchi foydasiga voyaga yetmagan 2 nafar farzandi uchun aliment undirish belgilangan.
MIBning Yakkabog‘ tuman bo‘limi tomonidan qarzdor aliment pullarini o‘z vaqtida to‘lashi kerakligi to‘g‘risida ogohlantirilgan bo‘lsa-da, u pulni to‘lashdan bo‘yin tovlab, qochib yurgani va uni topish imkoni bo‘lmagani sababli unga nisbatan joriy yilning 12 yanvar kuni qidiruv e’lon qilingan.
Boshqarma qidiruv shu’basi xodimlari kecha, 13 mart kuni qarzdorning ijro hujjatida ko‘rsatilgan manziliga borgan. Qarzdorning yashash xonadonidagi barcha joylar ko‘zdan kechirish jarayonida bir xodim uyning boloxonasi va tomini tekshirayotgan bir paytda, 2-xodim otani yiqitilgan ko‘rpalar tagidan olib chiqqan.
Shu kunning o‘zida mavjud 28 mln. 971 ming so‘m aliment qarzdorligini to‘lamaganligi sababli erkakka nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tuman sudi tomonidan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryoda farzandlariga aliment to‘lamagani uchun ikki yil oldin qidiruvga berilgan ota uyining yerto‘lasidan topilgani haqida xabar bergan edik.