Aliment to‘lashdan qochib yurgan ona choyxonadan topildi
3-sahifa
−
27 aprel
11205Aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab, qidiruvda bo‘lgan ayol Toshkent shahridagi choyxonalardan biridan topildi. Bu haqda Majburiy ijro byurosi axborot xizmati rahbari Farrux Toshpo‘latov QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Bildirilishicha, Majburiy ijro byurosi To‘rtko‘l tuman bo‘limi ish yurituvidagi sud buyrug‘iga asosan ayol kishi bo‘lgan qarzdor R.G.dan to‘rt nafar farzandi ta’minoti uchun qaynonasi A.R foydasiga aliment undirish belgilangan bo‘lib, qarzdor aliment pullarini to‘lashdan qochib yurgani oqibatida uning qarzdorligi 47 mln so‘mdan oshib ketgan.
Shu sababli, unga nisbatan Majburiy ijro byurosi To‘rtko‘l tuman bo‘limi davlat ijrochisi tomonidan qidiruv e’lon qilingan.
Byuroning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi qidiruv shu’basi xodimlari tomonidan hamkorlikda olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlarida qarzdor R.G. Toshkent shahri Sergeli tumanidagi choyxonalarning biridan topilgan.
Shu munosabat bilan qarzdorga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, to‘plangan hujjatlar Jinoyat ishlari bo‘yicha To‘rtko‘l tuman sudiga yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Surxondaryoda farzandlariga aliment to‘lamagani uchun ikki yil oldin qidiruvga berilgan ota uyining yerto‘lasidan topilgandi. Qashqadaryoda esa aliment to‘lamasdan qochib yurgan erkak uyidagi ko‘rpalar tagidan topildi. Toshkent viloyatida aliment to‘lamagani uchun qidiruvda bo‘lgan erkak Damas avtomashinasida yo‘lovchi sifatida ketayotganida MIB Toshkent viloyat boshqarmasi qidiruv bo‘limi hamda YHXB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda MIB xodimlarini ko‘rib, dala tomonga qochgandi. Bundan shubhalangan xodimlar unga tegishli ma’lumotlarni tekshirganida, erkak shu paytgacha alimentdan qochib yurgan ota bo‘lib chiqqandi. Farg‘onada farzandini moddiy ta’minotidan bo‘yin tovlab yurgan qarzdor yashash xonadonidagi quduqdan topildi.
LiveBarchasi