Aliment to‘lamay yurgan jomboylik ayol Toshkentdan topildi
3-sahifa
−
25 may
8205Alimentdan qarzdorligini to‘lamay yurgan samarqandlik ayol Toshkentdan topildi. Bu haqda Majburiy ijro byurosi matbuot kotibi Farrux Toshpo‘latov QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.
Bildirilishicha, MIBning Jomboy tuman bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tuman sudining 2023 yil 06 iyundagi ijro varaqasiga asosan qarzdor ayol U.M.dan undiruvchi M.E. foydasiga ikki nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati kelib tushgan.
Anchadan buyon alimentdan qarzini to‘lamagan fuqaroning qarzi 5,2 mln so‘mdan oshib ketgan, buning ustiga u noma’lum hududlarda yashab kelgan.
Shu bois, boshqarmaning qidiruv bo‘limi tomonidan unga nisbatan qidiruv harakatlari olib borilgan. Tezkor-qidiruv tadbirlari davomida qarzdor ayol U.M. Toshkent shahrida ekanligi aniqlangan va majburiyatlari tushuntirilib Samarqandga olib kelingan.
Alimentdan bo‘lgan 5.2 mln so‘m qarzdorlik bolalarning otasiga undirib berilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab, qidiruvda bo‘lgan to‘rtko‘llik ayol Toshkent shahridagi choyxonalardan birida topilgandi.