Alen Delon vafot etdi
Madaniyat-san’at
−
18 avgust
19514Fransiyalik aktyor Alen Delon 88 yoshida vafot etdi. Bu haqda bugun, 18 avgust kuni “Le Figaro” gazetasi xabar berdi.
Alen Delon 1935 yil 8 noyabrda Parijning janubiy chekkasida tug‘ilgan. Uning bolaligi Burg-la-Reyn shahrida o‘tgan.
1957 yilda aktyor ishtirokidagi birinchi “Ayol aralashganda” filmi chiqdi. 1960 yilda u “Yorqin quyoshda” filmidan so‘ng o‘zining ilk muvaffaqiyatiga erishdi. Keyin “Rokko va uning birodarlari” va “Leopard” filmlari Delonga katta shuhrat keltirdi. Delon “Oltin globus” mukofotini ham qo‘lga kiritgan.
So‘nggi yillarda aktyor og‘ir kasallik bilan kurashib kelayotgan va ikki bor insultni boshdan kechirgandi. Bundan roppa-rosa bir oy oldin fransuz kino yulduzining qizi Anushka Delon og‘ir kasal bo‘lgan otasining suratlarini ommaga ko‘rsatgandi. Alen Delonga saraton va alsgeymer kasalligi tashxisi qo‘yilgan edi. Ayolning qo‘shimcha qilishicha, suratlar otasining roziligi bilan olingandi.
Anushkadan tashqari, Alen Delonning ikkita o‘g‘li bor - Entoni va Alen-Faben Delon.
Ma’lumot uchun, aktyor “Samuray” (1967) va “Borsalino” (1970) filmlaridagi obrazlari bilan shuhrat qozongan. O‘zbekistonlik tomoshabinlar esa uni “Asteriks va Obeliks Olimpiada o‘yinlarida” komediyasidagi Yuliy Sezar obrazi bilan taniydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Alen Delonning uyida ruxsatsiz ishlatib kelingan 72 ta qurol va 3 000 dan ortiq o‘q-dorilar topilgani xabar qilingandi. Alen Delon 2022 yilning sentyabr oyida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan bo‘lgan onlayn suhbatda “Ukrainalik askarlar safida jang qilgan bo‘lardim”, deb aytgan. Aktyorning o‘g‘li Entoni Delon joriy yilning 4 yanvar kuni “Paris Match” jurnaliga bergan intervyusida otasining sog‘lig‘i zaifligi va o‘tgan Rojdestvo uning uchun oxirgisi bo‘lishi mumkinligini aytgandi.