“Uyda yolg‘iz” filmi yulduzi 80 yoshida vafot etdi
Olam
−
11:26 1382 2 daqiqa
Britaniyalik mashhur aktyor va qo‘shiqchi Tim Karri 80 yoshida Los-Anjelesdagi uyida vafot etdi. Bu haqda kecha, 26 avgust kuni uning menejeri ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Karri Los-Anjelesdagi uyida joriy yilning 25 avgust kuni vafot etgan. O‘lim sababi hozircha ma’lum qilinmagan. Aktyor so‘nggi yillarda sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolarga duch kelgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Karri kino tarixida, avvalo, 1975 yilda ekranlarga chiqqan kult film “Rokki Xorrorning dahshatli shousi”dagi doktor Frenk N. Furter obrazi bilan mashhur bo‘lgan. Mazkur rol aktyorning eng taniqli obraziga aylangan.
U shuningdek, “Uyda yolg‘iz 2: Nyu-Yorkda yo‘qolish”, “Uch mushketyor”, “Dalil”, “Afsona”, “Mappetlar: Xazinalar oroli”, “Soya” va “Charlining farishtalari” kabi filmlarda rol ijro etgan.
Aktyor sahnada ham katta muvaffaqiyatlarga erishgan. U “Amadey”, “Mening sevimli yilim” va “Monti Paytonning Spamaloti” spektakllaridagi rollari uchun uch marta “Toni” mukofotiga nomzod bo‘lgan. Shuningdek, animatsion loyihalardagi ovozli rollari bilan ham tanilgan va 1991 yilda “Piter Pen va qaroqchilar” multserialidagi ishi uchun kunduzgi “Emmi” mukofotini (Daytime Emmy Award) qo‘lga kiritgan.
Karri 2013 yilda insultni boshdan kechirgan. Shundan so‘ng nogironlar aravachasidan foydalangan va ijodiy faoliyatini ancha qisqartirgan. Shunga qaramay, u aktyorlikni butunlay tark etmagan. 2024 yilda “Stream” qo‘rqinchli filmida katta ekranga yana qaytgan.
Ma’lumot uchun, Tim Karri 1946 yil 19 aprelda Angliyaning Cheshir grafligidagi Grappenxoll qishlog‘ida tug‘ilgan. U Birmingem universitetida drama yo‘nalishida tahsil olgan.
Aktyor turmush qurmagan va farzandlari bo‘lmagan. U aktyorlikdan tashqari qo‘shiqchi va bastakor sifatida ham faoliyat yuritgan, o‘z rok guruhida ijro etgan hamda bir nechta albom chiqargan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Uyda yolg‘iz 2: Nyu-Yorkda yo‘qolish” filmida ro‘l ijro etgan irlandiyalik aktrisa Brenda Friker 81 yoshida vafot etgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi