Turkiyalik mashhur aktyor o‘lik holda topildi

Madaniyat-san’at

image

Joriy yilning 5 sentyabr kuni turk kino va teatrining taniqli vakillaridan biri, mashhur aktyor Serhat Mustafo Qilich Istanbuldagi uyida o‘lik holda topildi. Bu haqda “A Haber” xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 1975 yilda tug‘ilgan aktyor Serhat Mustafo Qilichdan qariyb ikki kun davomida xabar bo‘lmagan. Shundan so‘ng, uning sevgilisi uyiga borgan va aktyorni mehmonxonadagi divanda harakatsiz holda topgan. Xabar berilgach, voqea joyiga tegishli xizmatlar yuborilgan.

Nashrga ko‘ra, aktyorning tanasida ko‘karishlar aniqlangan, biroq jarohat yoki ochiq kaltaklash izlari topilmagan. Uning o‘limining aniq sababi sud-tibbiy ekspertiza institutida o‘tkaziladigan tekshiruvdan so‘ng ma’lum bo‘ladi. Shuningdek, Qilichning uyidan spirtli ichimliklar shishalari bilan birga, taqiqlangan moddalarni iste’mol qilishda ishlatiladigan sigaretalarni o‘rash uchun qo‘llanadi, deb taxmin qilingan, turkchada “charshaf” deb ataluvchi qog‘ozlar ham topilgan. Hodisa Istanbulning Kag‘itxane tumani Nurtepe mahallasida sodir bo‘lgan.

Dastlabki tekshiruvda Qilichning ko‘z atrofi, qo‘llari va oyoqlarida ko‘karishlar borligi aniqlangan. Biroq tanasida hech qanday yara, kesilgan yoki sanchilgan joy, shuningdek, ochiq kaltaklash izlari topilmagan.

Aktyorning jasadi o‘lim sababini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertiza instituti morgiga olib ketilgan. Keyinchalik tegishli jarayonlar yakunlangach, jasad yaqinlariga berilgan va Zinjirlikuyu qabristoni g‘uslxonasiga olib borilgan.

Qilichda avvaldan ma’lum bo‘lgan qalqonsimon bez kasalligi bo‘lgani aytilmoqda. Bundan tashqari, boshqa ma’lum kasalligi bo‘lmagan. Shu bilan birga, so‘nggi vaqtlarda aktyor ko‘p miqdorda spirtli ichimlik iste’mol qilgani haqida ma’lumotlar bor.

Shuningdek, aktyor limfa saratonidan davolangan va kasallikdan tuzalish bosqichida bo‘lgan, degan iddao ham ilgari surilmoqda.

Taxminlarga ko‘ra, o‘tgan haftada Qilich kuchli og‘riqlar sababli qiz do‘sti tomonidan shifoxonaga olib borilgan. Tekshiruvlar natijasida unga bo‘yin umurtqalaridagi disk churrasi tashxisi qo‘yilgan.

Qayd etilishicha, aktyor Serhat Qilichning vafoti bilan bog‘liq uyidagi tekshiruvlar yakunlangan.

Qilichning menejeri Tolga Chinkitash aktyor uchun ertasi kuni Muhsin Ertug‘rul sahnasida xotira marosimi o‘tkazilishini, 8 sentyabr kuni esa Anqarada dafn etilishini ma’lum qilgan.

“Bu juda kutilmagan yo‘qotish bo‘ldi. Juda xafamiz. Uning muxlislari bizga doim xabarlar yozmoqda. Ertaga Istanbulda Muhsin Ertug‘rul sahnasida soat 12:00 da xotira marosimi o‘tkaziladi. Barcha do‘stlarini shu yerda kutamiz. 8 sentyabr kuni peshin namozida Ahmet Hamdi Akseki masjidida janoza namozi o‘qiladi va shundan so‘ng Anqarada dafn etiladi”, degan menejer.

Kilichning serialdagi hamkasbi Sho‘ray Uzun aktyorning o‘limi sababi rasman ma’lum qilinmasidan oldin turli taxminlar bildirilayotganlarga murojaat qilgan.

“Hozir uning o‘lim sababini bilmaymiz. Faqat taxminlar asosida gapirishimiz mumkin. Biroq taxminlarni haqiqatdek taqdim etish hech qanday axloqiy qadriyatlarga to‘g‘ri kelmaydi. Kutish kerak, rasmiy bayonot beriladi”, degan u.

Sho‘ray Uzun Qilich bilan ancha vaqtdan beri ko‘rishmaganini aytib, u uchun qadrli do‘st bo‘lganini ta’kidlagan.

Ma’lumot uchun, Serhat Mustafo Qilich 1975 yil 8 iyul kuni Anqarada tug‘ilgan. 1994 yilda Bilkent universitetining Musiqa va sahna san’ati fakulteti teatr yo‘nalishiga grant asosida o‘qishga kirgan. 1998 yilda universitetni yuqori baholar bilan tamomlagan.

Uning ilk professional spektakli Anqara san’at teatrida Rutkay Aziz rejissyorligida sahnalashtirilgan Ariel Dorfmanning “Yo‘qolganlar (Bevalar)” asari bo‘lgan. 1999–2000 yillar mavsumida Diyorbakr davlat teatrida ishlagan. Shu yillarda Diyorbakr shahar teatrlarida sahna va aktyorlik bo‘yicha darslar bergan hamda ushbu muassasada “Tinchlik oroli” spektaklini sahnalashtirgan. 2002 yilda majburiy xizmatini o‘tash uchun Erzurum davlat teatriga aktyor sifatida tayinlangan.

2014 yilda rejissyor Nuri Bilge Jeylanning “Qish uyqusi” filmida imom Hamdi obrazini ijro etgan. Film o‘sha yili Kann kinofestivalida “Oltin palma” mukofotini qo‘lga kiritgan. Qilich ushbu filmdagi ijrosi uchun 47-Kino mualliflari uyushmasi (SİYAD) mukofotlarida “Eng yaxshi ikkinchi darajali erkak aktyor ijrosi” nominatsiyasiga da’vogarlik qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kembrij universitetining eng yosh qora tanli professori bo‘lgan britaniyalik sotsiolog Jeyson Ardey Londonning Battersi hududidagi uyda o‘lik holda topilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing