Aleksey Navalniy komadan chiqdi
Olam
−
15 Sentabr 2020
6807Aleksey Navalniy Berlindagi Charite klinikasida komadan chiqdi. Shundan so‘ng u hech qanday apparat yordamisiz o‘zi nafas ola boshladi.
"Men hali ham hech narsa qila olmayman, lekin kecha kuni bo‘yi o‘zim nafas oldim. Men hech qanday tashqi yordam, hattoki tomog‘imdagi oddiy qopqoqdan ham foydalanmadim. Bu menga juda yoqdi", deb yozdi u bugun, 15 sentyabr kuni Instagram'ga joylagan postida.
Shifoxona bo‘limidan chop etilgan fotosuratda Navalniy oilasi davrasida namoyon bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, Germaniyadagi klinikada davolanayotgan rossiyalik muxolif siyosatchi Aleksey Navalniy sog‘lig‘ini tiklab olgach, Vataniga qaytish niyatida.
Eslatib o‘tamiz, Aleksey Navalniy Tomskdan Moskvaga samolyotda qaytayotganda tobi qochib, zudlik bilan Omskdagi shifoxonaga yotqizilgan. Uning tarafdorlari Navalniyni Germaniyaga olib ketish harakatiga tushgan. Ammo ikki kun davomida Omskdagi shifoxona shifokorlari uni ko‘chirishga ruxsat bermadi. Siyosatchining tarafdorlari bunda Kremlning qo‘li borligini iddao qildi.
Navalniy Berlinga olib ketilgach, Germaniya Hukumati 2 sentyabr kuni u “Novichok” guruhiga kiruvchi modda bilan zaharlanganini aytdi. Rasmiy Berlin Rossiyadan bu bo‘yicha izoh talab qildi. Fransiya va Shvetsiyadagi mustaqil laboratoriyalar ham Navalniyning tahlillarini tekshirib, u zaharlanganini tasdiqlagandi.
Moskva esa Navalniydan olingan tahlil natijalari zaharlanishni ko‘rsatmaganini ta’kidlamoqda. Bu ham yetmaganidek, Germaniyaning ayblovlariga javoban Rossiya G‘arb davlatlari va NATOni "Novichok" guruhiga kiruvchi kimyoviy modda o‘ylab topishda aybladi.
Shuningdek, "Reuters" agentligi Navalniyni Omskdagi shifoxonadan Germaniyaga ko‘chirish uchun ruxsat bevosita Kremldan kelganini ma’lum qildi.
Rushanabonu Sultonova
LiveBarchasi