Al-Aqsoga qilingan hujum dunyoni larzaga keltirdi
Olam
−
07 aprel 2023
23720Musulmonlar muqaddas Ramazon oyini nishonlayotgan, yahudiylar esa Fisih bayramini boshlashga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir paytda Al-Aqso masjidida yuz bergan hunrezlik butun dunyoda ziddiyatli vaziyatning yanada keskinlashib ketishidan xavotir uyg‘otdi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Turkiya, AQSH, Kanada va boshqa bir qancha davlat va idoralar Isroil kuchlarining Al-Aqso masjidiga bostirib kirgani, shovqinli granatalar otgani va falastinlik namozxonlarga hujum qilganidan hayrat va xavotir bildirgan.
G‘azodagi falastinlik jangchilar Isroil hujumiga raketa bilan javob qaytargan, Isroil samolyotlari esa qamal ostidagi anklavlarga hujum qilgan. Shuningdek, Livandan ham Isroilga raketa uchirilgan, Tel-Aviv bunga ham javob qaytargan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish yuqoridagi voqealardan larzaga kelganini, Isroil xavfsizlik kuchlarining Al-Aqso masjidida odamlarni kaltaklagani tasvirlarini ko‘rib hayrat va dahshatdan qotib qolganini aytgan. Guterrish yahudiylar, nasroniylar va musulmonlar uchun muqaddas bo‘lgan kunlarda zo‘ravonlikni to‘xtatib, tinchlikni saqlashga chaqirgan.
“Ibodat joylari faqat tinch diniy marosimlar uchun ishlatilishi kerak”, degan BMT Bosh kotibi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari ham mazkur vaziyatdan juda xavotirda ekanini bildib, isroilliklar va falastinliklarni vazminlikka chaqirgan.
“Biz zo‘ravonlik davom etayotganidan o‘ta xavotirdamiz va barcha tomonlarni uning yanada avj olishidan qochishga chaqiramiz. Isroilliklar ham, falastinliklar ham bu keskinlikni pasaytirish va xotirjamlikni tiklash uchun birgalikda harakat qilishlari zarur”, degan Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Jon Kirbi.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an esa Isroil politsiyasining reydini qoralab, masjid binosidagi bunday xatti-harakatlarni Turkiya uchun “qizil chiziq” deb atagan.
“Vatanim va xalqim nomidan musulmonlarning birinchi qiblasiga qilingan nopok harakatlarni qoralayman va hujumlarni imkon qadar tezroq to‘xtatishga chaqiraman. Buning nomi repressiya siyosati, qon siyosati, provokatsiya siyosati. Turkiya bu hujumlar qarshisida hech qachon jim va harakatsiz turolmaydi. Masjid-i Aqsoga qo‘l qo‘yish va uning muqaddasligini oyoq osti qilish biz uchun qizil chiziqdir”, degan Erdo‘g‘an.
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li ham Bryusseldagi NATO yig‘ilishi chog‘ida Isroil bilan me’yorlashtirish boshlangani, ammo bu hujumlar chegaradan oshib ketganini aytgan.
Arab Ligasi esa Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashidan Isroilning Al-Aqso masjididagi jinoyatlarini to‘xtatish uchun vaziyatga aralashishni so‘ragan. 5 aprel kuni Qohirada o‘tkazilgan favqulodda yig‘ilishdan so‘ng e’lon qilingan bayonotda Arab Ligasi Isroil hujumlarini qoralagan.
“Ushbu jinoyatlar Ramazon oyining o‘tgan kunlarida xavfli darajada avj olib, yuzlab namozxonlarning jarohatlanishi va hibsga olinishiga, bosqinchilikka hamda ishg‘ol kuchlari himoyasi ostidagi ekstremistik Isroil rasmiylari va ko‘chmanchilar tomonidan Al-Aqso masjidining muqaddasligini ataylab tahqirlashiga olib keldi. Isroilliklarning islom va nasroniylarning muqaddas joylarini buzishlari, ayniqsa Al-Aqso masjidida, tarixiy va huquqiy maqomni o‘zgartirishga qaratilgan”, deyiladi bayonotda.
Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo ham Isroil hukumatining olovli ritorikasini tanqid qilgan va uni falastinliklarga munosabatini o‘zgartirishga chaqirgan.
“Biz Isroil hukumatining shiddatli ritorikasidan juda xavotirdamiz, biz sud-huquq islohotlaridan, Al-Aqso masjidi atrofidagi zo‘ravonliklardan xavotirdamiz. Kanada Isroilning aziz, yaqin va sodiq do‘sti sifatida Isroil hukumati tutayotgan yo‘nalishdan qattiq xavotirda ekanini bildiradi”, degan Tryudo.
Shuningdek, Iordaniya, Misr, Germaniya, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari va Xitoy ham Isroil harakatlarini qoralab, tomonlarni vazminlikka chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning aprel oyida ham Quddusdagi Al-Aqso masjidida falastinliklar va Isroil politsiyasi o‘rtasida to‘qnashuv yuz bergandi. O‘shanda ham Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Yaman, Iroq, Liviya, Iordaniya va Turkiya kabi davlatlar Isroil kuchlarining Al-Aqsoga kiritganini qoralab chiqqan, Falastin hukumati Birlashgan Millatlar Tashkilotini Isroilga bosim o‘tkazishga chaqirgandi.
Ma’lumot uchun, Quddusdagi Al-Aqso masjidi musulmonlarning birinchi qiblasi hisoblanadi. Mutaassib yahudiylar ziyoratgoh shoh Sulaymon maqbarasi vayronalari o‘rnida barpo etilgan deb, masjid hududiga tez-tez bostirib kiradi. Isroil va Iordaniya o‘rtasida 1994 yilda tuzilgan kelishuvga binoan Al-Aqso masjidi Quddus Islom jamg‘armalari boshqarmasi tomonidan boshqariladi. Biroq 2003 yildan beri yahudiylar ma’muriyat ruxsatini e’tiborga olmay, Isroilning bir tomonlama qarori bilan politsiya hamrohligida ziyoratgohga bostirib kirishni boshlagan. Islom jamg‘armalari boshqarmasi bunday harakatlar musulmonlar suverenitetining buzilishi ekanini ta’kidlaydi.
LiveBarchasi