Isroil Suriya floti yo‘q qilinganini e’lon qildi
Olam
−
10 dekabr
5334Isroil harbiylari Suriya harbiy-dengiz kuchlari kemalariga bir necha bor hujum uyushtirdi. Buni bugun, 10 dekabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Isroil Kats tasdiqladi.
“So‘nggi kunlarda SAXAL Suriyada Isroil davlatiga tahdid soluvchi strategik ob’ektlarga zarba berish va yo‘q qilish maqsadida operatsiyalar o‘tkazmoqda. Kecha tunda dengiz floti Suriya flotini yo‘q qilish bo‘yicha muvaffaqiyatli operatsiya o‘tkazdi”, dedi u.
Kats Isroil dengiz flotining mamlakat shimolidagi Hayfadagi harbiy-dengiz bazasiga tashrif buyurdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Suriya va Golan tepaliklari o‘rtasida qurolsizlantirilgan bufer zona tashkil etilgan. “Reuters”ning xabar berishicha, Kats Isroilga har qanday terrorchilik tahdidining oldini olish uchun Suriya janubida Isroilning doimiy ishtirokisiz “steril mudofaa zonasi” yaratishni buyurgan.
Shu bilan birga Kats Suriyadagi yangi hokimiyatlarni ogohlantirib, Isroilga tahdid soladigan har qanday tashkilot shafqatsiz hujumga duchor qilinishini aytgan.
“Bashar Asad izidan yurgan har bir kishi xuddi Asad kabi tugaydi. Biz ekstremistik islomiy terrorchi tuzilmaning Isroilga qarshi o‘z chegaralaridan tashqarida harakat qilishiga yo‘l qo‘ymaymiz... Biz tahdidni bartaraf etish uchun hamma narsani qilamiz”, degan Mudofaa vaziri.
Ma’lumot uchun, “Hayat Tahrir ash-Shom” boshchiligidagi qurolli guruhlar noyabr oyi oxirida Bashar Asad hukumat kuchlariga qarshi keng ko‘lamli hujum boshlagandi. Bir necha kun ichida ular mamlakatning ikkinchi yirik shahri Halabga kirib, yana bir qancha yirik markazlarni o‘z nazoratiga olishga muvaffaq bo‘ldi. 8 dekabr kuni isyonchilar Damashqdan davlat televideniyesi orqali Asad rejimini ag‘darganliklarini e’lon qildi. U oilasi bilan Rossiyaga uchib ketdi.
Bugun, 10 dekabr kuni Damashqda banklar va do‘konlar qayta ochilgan, svetoforlar ishlay boshladi. Shaharda qurollanganlar soni sezilarli darajada kamaydi. Isyonchilarga yaqin ikki manbaning aytishicha, qo‘mondonlik jangchilarga shaharni tark etishni buyurgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq “Hayat Tahrir ash-Shom” yetakchisi Abu Muhammad al-Jaloniyning yaqin hamkori ekani aytilayotgan Muhammad al-Bashir Suriyaning yangi muvaqqat bosh vaziri bo‘lgandi.
LiveBarchasi