Xomanaiy Asad rejimining ag‘darilishida AQSH va Isroilni aybladi
Olam
−
11 dekabr
1477Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy AQSH va Isroilni Suriyaning sobiq prezidenti Bashar Asadning hokimiyatdan ag‘darilishini uyushtirganlikda aybladi. Bu haqda IRNA xabar berdi.
“Shubhasiz, Suriyada sodir bo‘lgan voqea Amerika va sionistlarning qo‘shma fitnasi oqibati bo‘lgan”, deydi Xomanaiy.
Qayd etilishicha, Xomanaiy Asadning hokimiyatdan ag‘darilishida Suriyaga “qo‘shni” davlatning ham qo‘li borligiga ishora qilgan. Ammo u mazkur “qo‘shni” mamlakat nomini oshkor qilmagan.
U, shuningdek, Eron razvedkasi so‘nggi uch oy davomida Suriya hukumatini beqarorlik haqida ogohlantirganini, ammo Damashq dushmanni e’tiborsiz qoldirganini ta’kidlagan va Suriyadagi voqealar Eronning kuchini pasaytirmasligini, mamlakat zaiflashishi haqidagi taxminlar xato ekanini ma’lum qilgan.
“Siz qanchalik ko‘p bosim o‘tkazsangiz, u shunchalik kuchli bo‘ladi, qanchalik ko‘p jinoyat sodir etsangiz, shunchalik motivatsiya bo‘ladi, ular bilan qanchalik ko‘p kurashsangiz, u shunchalik kengayadi”, deydi Xomanaiy.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Tashqi ishlar vazirligi Suriya xalqi o‘z mamlakatining kelajagini chet el aralashuvisiz hal qilishi kerakligini bildirib, Eron Suriya birligi, milliy suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilishi, mamlakat kelajagi haqidagi qarorlarni hech qanday buzg‘unchi aralashuv yoki tashqi majburlovsiz Suriya xalqining o‘zi qabul qilishi kerakligini ta’kidlagandi.
Diyorjon Quvondiqov
LiveBarchasi