Asad rejimining ag‘darilishiga Eronning munosabati qanday bo‘ldi?
Olam
−
09 dekabr
13687Eron Tashqi ishlar vazirligi Suriya xalqi o‘z mamlakatining kelajagini chet el aralashuvisiz hal qilishi kerakligini bildirdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Unda Eron Suriyadagi voqealar rivojini diqqat bilan kuzatib borayotgani aytilgan. Vazirlik Eron Suriya birligi, milliy suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilishini aytib, mamlakat kelajagi haqidagi qarorlarni hech qanday buzg‘unchi aralashuv yoki tashqi majburlovsiz Suriya xalqining o‘zi qabul qilishi kerakligini ta’kidladi.
Shuningdek, harbiy to‘qnashuvlarni zudlik bilan to‘xtatish, terrorchilik faoliyatining oldini olish va barcha suriyaliklarni ifodalovchi inklyuziv boshqaruv tuzilmasini yaratish uchun Suriya jamiyatining barcha qatlamlarini qamrab olgan milliy muloqotni boshlash talab qilingan.
“Suriya tarixining ushbu muhim davrida barcha Suriya fuqarolari va chet el fuqarolarining xavfsizligini ta’minlash, diniy ob’ektlarning muqaddasligini saqlash, diplomatik va konsullik ob’ektlarini xalqaro huquqiy tamoyillarga muvofiq himoya qilish muhim ahamiyat kasb etadi”, deyiladi xabarda.
Vazirlik Eron va Suriya o‘rtasidagi munosabatlarning chuqur tarixiy ildizlariga urg‘u berib, bu rishtalar o‘zaro manfaatlar va xalqaro huquqiy majburiyatlarga rioya qilish asosida dono va istiqbolli yondashuv bilan davom etishiga umid qilmoqda.
“Eron Islom Respublikasi Suriyaning G‘arbiy Osiyodagi muhim va ta’sirli davlat sifatidagi rolini ta’kidlab, Suriyada xavfsizlik va barqarorlikni o‘rnatish uchun bor kuchini ayamaydi”, deyiladi bayonotda.
Tashqi ishlar vazirligi bu maqsadda barcha nufuzli tomonlar, ayniqsa mintaqadagilar bilan maslahatlashuvlarni davom ettirishini qo‘shimcha qilgan.
Vazirlikning ta’kidlashicha, Eron Suriyaning siyosiy va xavfsizlik landshaftidagi asosiy o‘yinchilarning harakatlari va xatti-harakatlari asosida kerak bo‘lganda tegishli yondashuv va pozitsiyalarni qabul qiladi. Eron Asad rejimining mintaqadagi eng yaqin ittifoqchilaridan biri bo‘lib, ikki davlat o‘rtasida yaqin siyosiy va savdo aloqalari mavjud edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq TASS Kremldagi manbalarga tayanib, Suriyani isyonchilar hujumidan keyin tark etgan prezident Bashar Asad oilasi bilan Moskvaga kelgani haqida yozgandi. Unga ko‘ra, Asad Rossiyadan siyosiy boshpana so‘ragan. Rossiya samolyoti bir necha soat oldin Suriyaning Latakiya shahridan uchgan, keyin transponderni o‘chirib, Rossiya tomon yo‘nalgan. Bort Xmeymim harbiy bazasidan yoki Latakiya aeroportidan parvoz qilgan bo‘lishi mumkin. Ma’lumotni samolyotlar harakatini nazorat qiluvchi Flightradar saytida ko‘rish mumkin.
Samolyotning transponderi Moskva yaqinida qisqa muddatga yoqilgan va qo‘nishdan oldin yana o‘chirilgan. Transponder o‘chirilgani tufayli dastlab Suriya prezidenti bo‘lgan samolyot radarlardan g‘oyib bo‘lgani, ehtimol aviahalokatga uchragani haqida xabar tarqalgandi.
LiveBarchasi