Aks holda, vazirlikdan kechirim so‘rashni talab qilaman – Pikulitska IIVga shart qo‘ydi

Jamiyat

image

Avvalroq O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan “Al Jazeera” xalqaro OAV muxbiri Agneshka Pikulitskani O‘zbekistonda LGBT huquqlarini himoya qilib kelayotgan bloger Miraziz Bozorov to‘g‘risida asossiz xabarlar tarqatayotganlikda ayblagandi. Jurnalist o‘zining Twitter’dagi sahifasida vazirlikka javob qaytardi.

“Kecha O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi tomonidan menga qilingan hujum – bu meni jurnalist sifatida obro‘sizlantirishga urinish. Agar mening ishim haqiqatan ham ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonunning 3-moddasini buzgan bo‘lsa, men sud oldida javob berishni xohlayman. Agar yo‘q bo‘lsa, men vazirlikdan ommaviy kechirim so‘rashni talab qilaman”, deb yozadi jurnalist.

Polshalik xalqaro mustaqil jurnalist Agniyeshka Pikulitska-Vilchevska O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi unga akkreditatsiya berishni rad etgani va o‘tgan yil akkreditatsiya olganidan so‘ng vazirlikdan biriktirilgan xodim unga shilqimlik qilib, o‘pishga uringanini aytib chiqqandi.

Shundan so‘ng, bu holat shov-shuvga sabab bo‘ldi. Vaziyat yuzasidan Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva munosabat bildirdi va aybdor jazolanishini ta’kidladi.

Bu orada Pikulitska TIVga chaqirtirildi. Ammo tashkilotdagilar jurnalist aytayotgan xodimni tanimasligini, shuning uchun uni javobgarlikka tortish imkonsizligini aytgani haqida xabar berildi.

Oradan ko‘p o‘tmay, TIVning rasmiy bayonoti e’lon qilindi. Unda vazirlik jurnalist ayoldan uzr so‘rab, avval topilmagan “shilqim” xodim ishdan bo‘shatilganini bildirdi.

Bo‘ladigan ish bo‘lib o‘tganidan keyin O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi holat yuzasidan bayonot berdi va akkreditatsiya masalasi ijobiy hal qilinishiga umid bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

858

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing