“Axloqiy qo‘rqoqlar!” Netanyaxu BMTdagi nutqida musulmon merni tanqid qildi
Olam
−
10:14 4232 4 daqiqa
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasidagi nutqida Nyu-York meri Zohran Mamdanini tanqid qilib, G‘azodagi harbiy amaliyotlar yuzasidan Isroilga bildirilayotgan tanqidlarga javob qaytardi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Netanyaxu nutq so‘zlayotgan paytda o‘nlab delegatlar norozilik sifatida zalni tark etgan. Isroil Bosh vaziri ularni “axloqiy qo‘rqoqlar” deb atagan, zaldagi uni qo‘llab-quvvatlovchilar esa ibroniy tilida “Isroil xalqi yashaydi” deya hayqirgan.
“Agar ishtirokchilar orasida boshqa axloqiy qo‘rqoqlar bo‘lsa, ularni zalni tark etishga chaqiraman”, degan Netanyaxu tayyorlab qo‘yilgan nutqini boshlashdan oldin.
Netanyaxu nutqida Nyu-York meri Zohran Mamdanini o‘ziga “urush jinoyatchisi” deb atagani uchun tanqid qilgan. Mamdani bu hafta Netanyaxunu “urush jinoyatchisi va Falastin xalqiga qarshi dahshatli genotsid me’mori” deb atagan edi.
“Siz meni bu yerga kelishimga to‘sqinlik qilishga urindingiz. Urdingiz. Meni sukut saqlashga majburlamoqchi bo‘ldingiz. Ammo meni ham, haqiqatni ham sukut saqlashga majburlay olmaysiz”, degan Netanyaxu Mamdaniga murojaat qilib.
Ma’lumot uchun, Nyu-York meri Zohran Mamdani saylov kampaniyasi davrida Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Nyu-Yorkka kelgan taqdirda uni urush jinoyatlari bo‘yicha hibsga olishga va’da bergandi, biroq keyinchalik bunday vakolatga ega emasligini tan olgandi. Netanyaxu esa Mamdanini HAMASni qo‘llab-quvvatlashda ayblagan. Mamdani bu ayblovni rad etib, Isroilning G‘azodagi harbiy harakatlarini tanqid qilish antisemitizm bilan noto‘g‘ri bog‘lanayotganini aytgan.
“Oddiy haqiqat shu: Isroil genotsid sodir etmadi. Isroil genotsidning oldini oldi”, degan Isroil Bosh vaziri.
“Mamlakatim va jasur askarlarimiz haqida bu yolg‘onlarni tarqatayotganlarning barchasiga, ular shu zalda o‘tirgan bo‘ladimi yoki Nyu-Yorkning antisemit meri kabinetidami, aytaman: sizdan uyalish kerak!”, degan Netanyaxu Mamdanini yana tanqid qilib.
Mamdani Netanyaxu nutqiga javoban bayonot bergan. Unda Nyu-York meri Isroil Bosh vaziri falastinliklarga qarshi genotsidni oqlashga qaratilgan asossiz yolg‘onlarni takrorlaganini aytgan. Mamdani, shuningdek, Netanyaxu Xalqaro jinoiy sudning urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar bo‘yicha hibsga olish orderi ob’ekti bo‘lib qolayotganini ta’kidlagan.
Netanyaxu saylovlar oldidan nutq qildi
Isroildagi umumiy saylovlarga besh haftadan kam vaqt qolgan bir paytda Netanyaxu BMTda qariyb 40 daqiqa nutq so‘zladi. “Reuters” uning chiqishini saylov kampaniyasiga o‘xshash nutq sifatida baholagan.
Netanyaxuning chiqishi Isroildagi asosiy to‘rt telekanalning barchasida praym-taymda jonli efirga uzatilgan. U nutqida Isroilning Eron bilan urushni ham o‘z ichiga olgan yetti frontdagi harakatlarini namoyish qilgan. Isroil Bosh vaziri, shuningdek, Nyu-Yorkda Isroilni qo‘llab-quvvatlovchi va Eronga qarshi 500 ta banner hamda o‘nlab yuk mashinalariga shiorlar joylashtirilganini ma’lum qilgan.
Netanyaxu BMTdagi chiqishida Eronga qarshi pozitsiyasini ham kuchaytirgan. U Livanda Eron qo‘llab-quvvatlaydigan Hizbulloh a’zolariga qarshi hujum bilan bog‘liq peyjerni ko‘rsatgan va Eron delegatsiyasiga qoldirishini aytgan Starlink sun’iy yo‘ldosh internet qurilmasini ham namoyish qilgan.
“Shunda ular ham, muqarrar ravishda, tomonlarini o‘zgartirganlarida, ijtimoiy tarmoqlarda o‘z hikoyalarini erkin ayta oladilar”, degan u.
Netanyaxu Eron hukumati xalq tomonidan ag‘darilishi vaqt masalasi ekanini ham aytib o‘tgan.
“Yashasin G‘azo!”
Ma’lum qilinishicha, BMT qarorgohi yaqinida bir necha yuz nafar namoyishchi yig‘ilgan. O‘nlab odamlar yo‘l harakatini to‘sib, “Isroilni qurollantirishni to‘xtating, yashasin G‘azo!” va “Isroilni qurollantirishni to‘xtating, yashasin Eron” degan shiorlarni aytgan. Politsiya ayrim namoyishchilarni ushlab, olib ketgan.
Ma’lumotlarga qaraganda Netanyaxu AQSHga BMTda nutq so‘zlash uchun qisqa muddatga bordi va AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuv rejalashtirilmagan. Shunga qaramay, Isroil Bosh vaziri nutqida Trampni maqtab, uning Isroil uchun eng muhim hamkor ekanini aytgan.
“Biz davlatimizni himoya qilishda davom etamiz. Biz g‘alaba qozonishda davom etamiz, chunki boshqa tanlovimiz yo‘q. Varvarlarga qarshi bu jangda bizda Prezident Trampdan yaxshiroq hamkor bo‘lmagan. Uning jasur rahbarligi uchun unga minnatdorchilik bildiraman”, degan Netanyaxu.
Isroil G‘azodagi urush boshlanganidan buyon xalqaro maydonda tobora ko‘proq tanqidga duch kelmoqda. Buyuk Britaniya, Fransiya va Kanada shu oy boshida bosib olingan G‘arbiy sohildagi Isroil aholi punktlariga qarshi sanksiyalar e’lon qilgan edi. Netanyaxu ushbu davlatlar rahbarlarini “antisemitik to‘dalarga ergashishda”, zaiflik va murosaga moyillikda ayblagan.
Live
Barchasi