AQSHning Ukraina borasidagi maxfiy hujjatlari internetda tarqaldi

Olam

image

AQSHning Ukraina, Yaqin Sharq va Xitoyga nisbatan siyosatining asl sabablarini ochib beruvchi jami yuzga yaqin maxfiy hujjat internetga sizdirildi. Bu haqda “The New York Times” gazetasi xabar berdi.

Maxfiy fayllar Pentagonga tegishli bo‘lib, ular orasida havo hujumidan mudofaa tarmog‘ini yaratish rejasi ham bo‘lgan. Shuningdek, AQSH va uning ittifoqchilari tomonidan Kiyevga qarshi hujumga tayyorgarlik ko‘rishda qanday yordam berilayotgani haqidagi ma’lumotlar ham ochiqlangan. Hujjatlarda kutilayotgan qurol-yarog‘ yetkazib berish jadvallari, qo‘shinlar va batalon kuchlari fotosuratlari mavjud bo‘lgan.

Pentagonning sobiq yuqori martabali mulozimi Mik Mulroyning aytishicha, hujjatlarning tarqalishi Ukrainaning harbiy rejasiga to‘sqinlik qilishi mumkin. 

“Oshkor bo‘lgan hujjatlarning ko‘pchiligi qog‘ozlarning fotosuratlari bo‘lganligi sababli, bu Ukraina, AQSH va NATOning sa’y-harakatlariga zarar yetkazmoqchi bo‘lgan odam tomonidan ataylab internetga sizdirilganga o‘xshaydi”, degan Mik Mulroy.

Tahlilchilarning fikricha, bu kabi ma’lumotlar oshkor bo‘lishi AQSHga katta zarar yetkazishi mumkin. Hujjatlarning ba’zilari nafaqat maxfiy, balki boshqa davlatlar, jumladan, AQSH ittifoqchilariga ko‘rsatish uchun ham mo‘ljallanmagan. Biroq bunday fayllarning internetga chiqishi atayin ko‘zni chalg‘itish uchun uyushtirilgan bo‘lishi ham mumkin. 

Manbaga ko‘ra, Pentagon hozirda vaziyatni o‘rganmoqda va hujjatlarning tarqalishi ortida kim turganini aniqlash uchun tekshiruv boshlagan.

“Biz ijtimoiy tarmoqlardagi axborotdan xabardormiz va vazirlik bu masalani ko‘rib chiqmoqda”, degan Pentagon rasmiy vakili Sabrina Singx.

Oq uy rasmiylari hujjatlarni ijtimoiy tarmoqlardan olib tashlashga harakat qilgan, biroq hozircha bunga erisha olmagan. Tesla va SpaceX rahbari Ilon Mask esa bu holatni kinoya bilan izohlagan.

“Ha, siz internetdan barchasini o‘chirib tashlashingiz mumkin – buning imkoni bor va siz yashirmoqchi bo‘lgan narsangiz e’tiborni jalb qilmaydi”, deb yozgan Ilon Mask.

O‘z navbatida, Ukraina Prezidentining maslahatchisi Mixail Podolyak e’lon qilingan ma’lumotlarni “fotoshop” ekanini, haqiqiy rejalar tez orada jang maydonida paydo bo‘lishini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Ukraina maxfiy hujjatlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing