AQSHning ikki shtatida xavfli virus tufayli komendantlik soati joriy qilindi
Olam
−
11 Sentabr
4420AQSHda ikki shtat aholisi sharqiy ot ensefaliti (EEE) tarqalishi sababli kechki payt uylarini tark etmaslikka chaqirildi. Bu haqda “Daily Mail” xabar berdi.
Vermont va Massachusets shtatlarida kechki ommaviy tadbirlar odamlarning xavfli kasallikka chalinish ehtimoli tufayli bekor qilina boshlandi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu virus chivinlar orqali yuqadi. U miyaning shishishiga va o‘limga olib kelishi mumkin.
Mahalliy Sog‘liqni saqlash departamenti shtat aholisiga chivinlar faolligining kuchayishi davrida 18:00 dan 6:00 gacha ko‘chaga chiqmaslikni tavsiya qildi.
Ma’lumot uchun, virus bilan bog‘liq holat Qo‘shma Shtatlarda birinchi marta qayd etilayotgani yo‘q. Besh yil muqaddam Michigan shtatida yashovchi 64 yoshli amerikalik chivin chaqishi oqibatida vafot etgan. Kasallik belgilari to‘satdan paydo bo‘ladigan isitma, titroq va bo‘g‘imlarda og‘riq bilan yuzaga chiqadi. Bundan tashqari, o‘tkir bosh og‘rig‘i, titroq, miyaning yallig‘lanishi va falajga ham olib kelishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyning Pekin mikrobiologiya va epidemiologiya instituti olimlari odamning asab tizimiga zarar yetkazuvchi yangi virusni aniqlagan edi.
LiveBarchasi