AQSHning Eron bilan urushi kamida 45,1 mlrd dollarga tushdi – CNN
Olam
−
15:45 371 2 daqiqa
Joriy yilnging sentyabr oyi holatiga ko‘ra, AQSHning Eron bilan urushi kamida 45,1 milliard dollarga tushgan. Bu haqda Pentagonning Kongressga taqdim etilgan baholashi bilan tanish manbalarga tayanib, CNN xabar berdi.
Qayd etilishicha, bevosita 3 sentyabrga kelib xarajatlar 43,6 milliard dollarni tashkil etgan: 28,1 milliard dollar – o‘q-dorilarga, 11,2 milliard dollar – harbiy operatsiyalarni o‘tkazishga va 4,3 milliard dollar – yo‘qotilgan yoki shikastlangan texnikaga sarflangan. Yana 1,5 milliard dollar qo‘shimcha yonilg‘i uchun talab qilingan. Pentagon, shuningdek, qonun chiqaruvchilar tomonidan so‘ralgan bilvosita xarajatlarning batafsil bahosini Kongressga taqdim etmagan.
Iyul oyida Pentagon rahbari Pit Xegset urush xarajatlarini 37,5 milliard dollarga baholagan. Shu tariqa, ikki oydan kamroq vaqt ichida Amerika rasmiylari tomonidan tilga olingan summa yana 7,6 milliard dollarga yoki taxminan 20 foizga oshgan.
Kongress Byudjet boshqarmasining 15 sentyabrda e’lon qilingan mustaqil baholashi 1 avgust holatiga ko‘ra taxminan 38 milliard dollarni tashkil etgan. Idora ushbu summa ham shikastlangan ob’ektlarni tiklash va boshqa bir qator xarajatlarni o‘z ichiga olmasligini ta’kidlagan. Boshqarma baholashicha, harbiy harakatlarning nisbatan past shiddati saqlanib qolgan taqdirda, urush Pentagonga har oyda yana taxminan 2 milliard dollarga, iyul oyidagiga o‘xshash eskalatsiya yuz berganda esa 3 milliard dollar va undan ko‘proqqa tushadi.
Asosiy xarajat sababi o‘q-dorilar bo‘lib qolmoqda. Pentagon bosh inspektorining Eron bilan urush haqidagi birinchi choraklik hisobotida idora ilk bor ularning tanqisligini rasman tan oldi. O‘shanda 28 fevraldan 30 iyungacha bo‘lgan davr uchun xarajatlar 33,4 milliard dollarga baholangan bo‘lib, shundan 22,3 milliard dollari o‘q-dorilarga to‘g‘ri kelgan edi.
Kongress Byudjet boshqarmasi eng ko‘p talab qilinadigan ba’zi o‘q-dorilar zaxirasini to‘ldirish besh yil yoki undan ko‘proq vaqtni olishi mumkinligidan ogohlantirgan. Urush, shuningdek, energiya resurslari narxiga ham ta’sir ko‘rsatgan: boshqarma neft va gaz yetkazib berishdagi nizo bilan bog‘liq uzilishlar 2027 yilning birinchi choragida AQSHdagi inflyatsiyaga taxminan 0,5 foizlik punkt qo‘shishini kutmoqda.
Live
Barchasi