AQSHdagi o‘zbekistonliklar koronavirusga qarshi preparat tayyorlab, Alisher Usmonovga xat yozdi
Olam
−
09 aprel 2020
45362Amerikaning Immix BioPharma Inc. kompaniyasi rahbari bo‘lgan o‘zbekistonliklar koronavirusga qarshi preparat tayyorlab, milliarder Alisher Usmonovga xat orqali murojaat qildilar. Ular milliarderdan preparatni ishlab chiqarish va O‘zbekistonda tarqatish uchun yordam so‘ragan.
“Gazeta.ru”ning xabar berishicha, xatda Immix BioPharma Inc. Amerikaning MannKind farmatsevtika kompaniyasi bilan birgalikda quruq kukun shaklidagi dorini tayyorlashni boshlab yuborgani ta’kidlangan. Ushbu kukun koronavirus oqibatida yuzaga keladigan o‘tkir respirator kasalliklarini bartaraf etishga mo‘ljallangan ingalyatorning asosiy komponenti hisoblanadi.
Immix BioPharma Inc. turli respirator kasalliklarga qarshi birdek foydali hamda organizm uchun zararsiz va ishonchli bo‘lgan patogenlarni ishlab chiqqan.
“O‘zbekiston Immix BioPharma Inc. bilan birgalikda ushbu noyob innovatsion preparatni ishlab chiqarishga buyurtma berish va mamlakatda koronavirus tarqalishini to‘xtatish hamda tashqi bozorga eksport qilish imkoniyatiga ega. Bu o‘z navbatida respublikani biotexnologiya sanoatida dunyoning yetakchi davlatlari qatoriga qo‘shadi”, degan prepart mualliflaridan biri.
Immix koronavirus bilan og‘rigan bemorlarni davolashni boshlash hamkorlikdagi birinchi qadam bo‘ladi deb hisoblayapti. Chunki birinchi dozadan keyinoq bemorlarning ahvoli sezilarli darajada yaxshilanishi kutilmoqda. O‘zbekistonlik shifokorlar dunyoda birinchi bo‘lib Avstraliya va Amerikadagi klinik sinovlarda saraton kasalligining to‘rtinchi bosqichini davolashda ishlatiladigan dorilarni koronavirus bilan og‘rigan bemorlarni davolashda ishlatib ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Avvalroq, Alisher Usmonov koronavirusga qarshi kurash uchun O‘zbekistonga 20 million dollar ajratib, vaksina qaysi davlatda yaratilishidan qat’i nazar uni mamlakatga olib kelishga va’da bergandi.