AQSHdagi saylovda kim g‘alaba qozongani Eron uchun ahamiyatsiz – Pezeshkiyon
Olam
−
20:05
1361AQSHda 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida kimning g‘alaba qozongani Eron uchun ahamiyatga ega emas, Tehron o‘zining ichki kuchlariga tayanadi. Bu haqda bugun, 7 noyabr kuni Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon ma’lum qildi.
“Biz uchun AQSHdagi saylovlarda kim g‘alaba qozongani hech qachon muhim bo‘lmaydi. Chunki bizning davlatimiz va tizimimiz o‘z ichki kuchlariga tayanadi”, dedi u.
Shuningdek, Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Bag‘oyi ham Donald Trampning g‘alabasiga munosabat bildirib, AQSHda o‘tgan saylovlarni o‘tmishdagi xatolarni ko‘rib chiqish uchun imkoniyat deb atadi.
“Prezidentni tanlash mas’uliyati AQSH xalqining zimmasida. Hozir xalq o‘z tanlovini qildi. Bu saylovlar o‘tmishda qilingan xato yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqish uchun imkoniyatdir”, dedi Bag‘oyi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Tehron AQSHning avvalgi ma’muriyatlari bilan muloqotdagi “achchiq” tajribani eslab qolgan. Bag‘oyi, shuningdek, Vashingtondagi yangi hokimiyatning samaradorligini baholashda Eron uchun eng muhim ko‘rsatkich aniq amaliyotlar bo‘lishini qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, 5 noyabr kuni AQSHda mamlakat prezidentligi uchun navbatdagi saylovlar o‘tkazilgan. Unda respublikachilardan Donald Tramp va demokratlardan Kamola Harris raqobatlashdi. Dastlabki natijalarga ko‘ra, sobiq prezident Donald Tramp saylovdagi g‘alabasini e’lon qildi.
Shundan so‘ng dunyo yetpkchilari, shuningdek, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Donald Trampni Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti etib saylangani bilan tabrikladi. Bundan tashqari, Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati Donald Trampning saylovdagi g‘alabasidan so‘ng Oq uy boshqaruvi yangi ma’muriyatga o‘tgach, Qobul va Vashington o‘rtasida “yangi bob” ochilishiga umid bildirdi.
LiveBarchasi