AQSHda o‘rmon yong‘inini o‘chirayotgan vertolyot halokatga uchradi (video)

Olam

image

AQSHning Yuta shtatida o‘rmon yong‘inini o‘chirish ishlarida qatnashayotgan vertolyot halokatga uchradi. Hodisa oqibatida bortdagi ikki ekipaj a’zosi bedarak yo‘qoldi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.

Qayd etilishicha, kuchli yong‘in va murakkab relef sababli qutqaruvchilar hozircha vertolyot qoldiqlariga yetib bora olmayapti.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Sikorsky S-64 rusumli og‘ir yuk ko‘taruvchi vertolyot Fishlake milliy o‘rmonidagi Widemouth 2 yong‘inini o‘chirishda ishtirok etayotgan bo‘lgan. Halokatdan olti soatdan ko‘proq vaqt o‘tganiga qaramay, hududdagi faol yong‘in qutqaruv ishlarini boshlashga imkon bermayapti.

Mahalliy sherif idorasining ma’lumotiga ko‘ra, tergovchilar va qutqaruv guruhlari hududga xavfsiz kirish imkonini aniqlash uchun yong‘inni boshqarish guruhi bilan hamkorlik qilmoqda. Ekipaj a’zolarining taqdiri hozircha noma’lum.

Widemouth 2 yong‘ini joriy yilning 27 iyul kuni chaqmoq urishi oqibatida boshlangan. Kecha, 7 avgust kungi holatga ko‘ra, yong‘in 105 ming akrdan ortiq maydonni qamrab olgan va kamida 6 ta inshootni vayron qilgan. Yong‘inning 19 foizi nazoratga olingan.

Ushbu yong‘in Yuta shtatida joriy mavsumda qayd etilgan ikkinchi eng yirik o‘rmon yong‘iniga aylangan. Shtat gubernatori Spenser Koks o‘t o‘chirish ishlarining xavfli ekanini ta’kidlab, bedarak yo‘qolgan ekipaj a’zolari uchun fuqarolardan duo qilishni so‘ragan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning Mug‘la, Antaliya, Balikesir va Chanoqqal’a viloyatlarida bir vaqtning o‘zida yuzaga kelgan o‘rmon yong‘inlari tufayli avtomobil yo‘llari yopilgani, shifoxona, qariyalar uyi va yuzlab fuqarolar evakuatsiya qilingani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, Turkiyaning 9 viloyatida yuzaga kelgan o‘rmon yong‘inlarini o‘chirish ishlariga 3 514 nafar xodim, 23 ta samolyot, 54 ta vertolyot va 1 035 ta maxsus texnika jalb etilgani ham xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing