AQSHda parvoz vaqtida samolyot dvigateli yonib ketdi
Olam
−
16:00
3164Bugun, 11 yanvar kuni AQSHning Jorjiya shtatidagi Hartsfild-Jekson Atlanta xalqaro aeroportida Delta Air Lines aviakompaniyasiga tegishli bo‘lgan Boeing 757 samolyoti dvigateli yonib ketdi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, samolyot bortida 200 dan ortiq yo‘lovchi bo‘lgan. Aeroport matbuot xizmati hodisa oqibatida to‘rt kishi yengil tan jarohati olganini ma’lum qilgan. Ulardan biri shifoxonaga yotqizilgan.
“Delta Air Lines aviakompaniyasining bortida 200 dan ortiq yo‘lovchisi bo‘lgan samolyoti Atlantadagi (Jorjiya shtati) Hartsfild-Jekson aeroportining qor bilan qoplangan uchish-qo‘nish yo‘lagiga evakuatsiya qilindi”, deyiladi xabarda.
Aviakompaniya va aeroport vakillari hodisa sabablarini izohlamagan. Yo‘lovchi Kertis Jeymsning so‘zlariga ko‘ra, samolyot havoga ko‘tarilayotganda nimadir noto‘g‘ri ketgan va dvigatel yonib ketgan.
Oxirgi kunlarda halokatga uchragan samolyotlar
29 dekabr kuni Janubiy Koreyadagi aeroportda bortida 181 kishi bo‘lgan samolyot halokatga uchragandi. Samolyot mamlakat janubi-g‘arbidagi Muan xalqaro aeroportida uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketgan va qo‘nish yo‘lagi tashqarisidagi to‘siqqa urilib, yonib ketgan.
Xabar qilinishicha, ichida 175 yo‘lovchi va olti nafar bort xodimi bo‘lgan Jeju Air samolyoti Tailandning Bangkok shahridan qaytayotgan va qo‘nayotgan vaqtda avariyaga uchragan. Yo‘lovchilarning 173 nafari Janubiy Koreya fuqarosi va ikki nafari Tailand fuqarosi bo‘lgan. Halokatga uchragan Boeing bir kun oldin ham bortdagi favqulodda vaziyat to‘g‘risida xabar bergan. O‘shanda havo kemasi parvozni davom ettirishdan oldin majburiy qo‘nishni amalga oshirgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 179 kishi halok bo‘lgan. Omon qolgan ikki kishi – bir yo‘lovchi va ekipaj a’zolaridan biri.
Shuningdek, Kanadaning PAL Airlines aviakompaniyasining Sent-Jonsdan uchib kelgan samolyoti Galifaks aeroportiga favqulodda qo‘nishni amalga oshirdi. Samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagiga qanoti bilan urilganidan keyin yonib ketgan. Galifaks aeroporti samolyot bilan sodir bo‘lgan voqea tufayli vaqtincha yopilgan. Samolyotdagi barcha yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari tushirilgan va aerodromdan olib ketilgan. Yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari soni esa hozircha ma’lum emas.
Bundan tashqari, o‘sha kuni KLM Royal Dutch Airlines aviakompaniyasining Boeing 737-800 samolyoti gidravlik tizimdagi nosozlik tufayli Norvegiyada favqulodda qo‘nishga majbur bo‘lgandi. Reys Oslodan Amsterdamga yo‘l olgan, biroq Norvegiya poytaxtidan 110 km janubda joylashgan Sandeford aeroportiga yo‘naltirilgan. Muvaffaqiyatli qo‘nganiga qaramay, samolyot 18-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketgan va o‘tloq yuzasida to‘xtab qoldi. Samolyot bortida 182 kishi, jumladan yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari bo‘lgan. Hech kim jabrlanmagan.
30 dekabr kuni esa Germaniyaning Shtutgart shahrida to‘rt o‘rindiqli Cessna C-172 samolyotining qulashi oqibatida ikki kishi jabrlandi. Uchuvchi yengil tan jarohati olgan, 70 yoshli yo‘lovchi og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan.
LiveBarchasi