AQSHda fentanil rasman ommaviy qirg‘in quroli deb tan olindi
Olam
−
13:42 2958 2 daqiqa
Kecha, 15 dekabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp fentanilni rasman ommaviy qirg‘in quroli sifatida tasniflovchi farmonga imzo chekishini e’lon qildi. Uning chiqishi Oq uy tomonidan jonli efirda namoyish etildi.
“Bugun imzolaydigan ushbu tarixiy farmon bilan biz fentanilni rasman ommaviy qirg‘in quroli sifatida tasniflaymiz. U aslida shunday quroldir. Hech bir bomba bunday darajada vayronkor ta’sir ko‘rsata olmaydi”, deydi Tramp.
Amerika yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, fentanil iste’moli har yili 200-300 ming kishining o‘limiga sabab bo‘lmoqda.
Qayd etish joiz, bungacha Tramp Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin bilan bo‘lib o‘tgan suhbatida turli masalalar, jumladan, fentanil tarqalishi muammosi ham muhokama qilinganini aytgan edi.
Shuningdek, joriy yilning 15 noyabr kuni AQSH Adliya vazirligining Venesueladan giyohvand moddalar tashiyotgan kemalarga zarba berishga ruxsat beruvchi maxfiy hujjatida fentanil kimyoviy qurol sifatida qo‘llanishi mumkin bo‘lgan tahdid sifatida tavsiflangan.
Biroq Adliya vazirligi vakili “The Wall Street Journal” nashriga bergan izohida harbiy harakatlarni oqlash bo‘yicha yuridik dalillar narkotik savdosi bilan shug‘ullanuvchilar tomonidan kimyoviy quroldan foydalanilishi haqidagi xavotirlarga asoslanmaganini aytgan.
Ma’lumot uchun, fentanil – narkotik opioid analgetik, μ-opioid retseptorlarining kuchli agonisti. Sitrat shaklida ishlab chiqariladi. Asosan anesteziologiya, parameditsina, dala tibbiyoti va favqulodda holatlar tibbiyotida og‘riq qoldiruvchi sifatida, shuningdek kech bosqichdagi saratonda hamda nurlanishga uchraganlarda klinik foydasi seziladigan bosqichdagi davrida qo‘llanadi. Yuqori toksikligi sababli evtanaziya uchun ham qo‘llanishi mumkin. Biroq u juda kuchli va tez qaramlik keltirib chiqaradi, o‘ta kichik doza ham o‘limga olib kelishi va nafas yo‘llarini bo‘g‘ib qo‘yishi ehtimoli bor.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Lotin Amerikasidan Qo‘shma Shtatlar tomon harakatlangan, ichida giyohvand moddalar bor deb taxmin qilingan “ulkan suvosti kemasi” yo‘q qilinganini e’lon qilgandi.
Live
Barchasi