Tramp ulkan suvosti kemasini yo‘q qildi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Lotin Amerikasidan Qo‘shma Shtatlar tomon harakatlangan, ichida giyohvand moddalar bor deb taxmin qilingan “ulkan suvosti kemasi” yo‘q qilinganini e’lon qildi. Bu haqda Oq uy rahbari o‘zining Truth Social tarmog‘ida yozib qoldirdi. 

“Menga AQSHga yo‘nalgan, giyohvand moddalar bilan to‘la bo‘lgan ulkan suv osti kemasini yo‘q qilish sharafi nasib etdi”, deya maqtangan Tramp o‘z tarmog‘ida. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH razvedkasi kemada fentanil va boshqa narkotik moddalar bo‘lganini tasdiqlagan. Trampning ta’kidlashicha, agar bu yuk mamlakat hududiga yetib kelganida, kamida 25 ming amerikalik halok bo‘lgan bo‘lardi.

AQSH harbiylari operatsiya davomida talofat ko‘rmagani qayd etilgan. 

Shu bilan birga, AQSH tomoni kemada haqiqatdan ham narkotik moddalar ortilgani haqidagi biror bir aniq dalil taqdim etmagan. 

Karib dengizidagi hujumlar

17 oktyabr kuni AQSH harbiylari Karib dengizida suv ostida harakatlanayotgan, ehtimol, yarim suvga botuvchi kemaga zarba bergan. Qutqaruv operatsiyasi davomida ikki kishi AQSH harbiy-dengiz kuchlari kemasiga olib chiqilgan, yana ikki nafar ekipaj a’zosi halok bo‘lgan.

AQSH Davlat kotibi Marko Rubio omon qolganlar haqida savolga “Bu terrorchilar”, deya javob bergan.
AQSH hujumidan omon qolgan ikki kishi, ya’ni Ekvador va Kolumbiya fuqarolarini vataniga qaytarish rejalashtirilgan. Ularga nisbatan hibsga olish va sud jarayoni qo‘llanadi.

Venesuelaga qarshi janglar 

Tramp, avvalroq, Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro “jinoyatchi guruh”ni boshqarayotgani, ular AQSH va boshqa G‘arb davlatlarida ommaviy qotilliklar, narkotrafik, jinsiy savdo va terror harakatlari bilan shug‘ullanayotganini aytgan edi. Unga ko‘ra, Pentagon bu hududda narkokartellarga qarshi harbiy operatsiyalar boshlashga tayyor.

Sentyabr oyidan buyon AQSH armiyasi narkotrafikka aloqador deb hisoblangan kamida olti kemaga zarba bergan. CNBC ma’lumotlariga ko‘ra, bu operatsiyalar oqibatida kamida 29 kishi halok bo‘lgan.
Hozirda Venesuela qirg‘oqlari yaqinida AQSH harbiy-dengiz kuchlariga tegishli bir nechta kemalar, 10 ta F-35 jangovar samolyoti, 2200 askardan iborat dengiz piyodalari ekspeditsion bo‘linmasi va suvosti kemasi joylashtirilgan.

Venesuelaning BMTdagi elchisi Samuel Monkada AQSH hujumlarini noqonuniy, suverenitetga tajovuz sifatida baholab, BMT Xavfsizlik Kengashidan bu masalaga munosabat bildirishni so‘ragan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Tramp Venesueladan AQSH tomonga harakatlanayotgan “narkoterroristlar” qayig‘iga qarshi zarba berilganini ma’lum qilgandi. Unga ko‘ra, AQSH harbiylari xalqaro suv hududida giyohvand moddalar olib ketayotgan kemani nishonga olgan. Trampning qo‘shimcha qilishicha, kema Qo‘shma Shtatlar tomon yo‘l olgan bo‘lib, hujum oqibatida uch nafar “narkoterrorist” halok bo‘lgan, amerikalik harbiylarlarga esa hech qanday ziyon yetmagan. 


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp lkan suvosti kemasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing