Vaziyat jiddiy. AQSH Venesuela qayig‘ini yo‘q qildi (video)

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Venesueladan AQSH tomonga harakatlanayotgan “narkoterroristlar” qayig‘iga qarshi zarba berilganini ma’lum qildi. Bu haqda u Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozib qoldirdi.

Unga ko‘ra, AQSH harbiylari xalqaro suv hududida giyohvand moddalar olib ketayotgan kemani nishonga olgan. Trampning so‘zlariga ko‘ra, kema Qo‘shma Shtatlar tomon yo‘l olgan bo‘lib, hujum oqibatida uch nafar “narkoterrorist” halok bo‘lgan, amerikalik harbiylarlarga esa hech qanday ziyon yetmagan. 

“Ushbu narkoterroristlarga Venesueladan AQSHga noqonuniy giyohvand moddalar olib ketayotganida zarba berildi. Bu shafqatsiz kartellar milliy xavfsizlikka, tashqi siyosatga va AQSHning hayotiy manfaatlariga tahdid solmoqda”, deya yozgan Oq uy rahbari. 

U, shuningdek, ogohlantirish berib: "Agar siz amerikaliklarni o‘ldirishi mumkin bo‘lgan narkotiklarni tashiyotgan bo‘lsangiz, biz sizning har qadamda poylaymiz”, degan. Trampning ta’kidlashicha, kartellarning noqonuniy faoliyati o‘n yillar davomida AQSH jamiyatlariga katta zarar yetkazib, millionlab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan.

Avgust oyida “The New York Times” Tramp yashirin ravishda Lotin Amerikasi narkokartellariga qarshi harbiy kuch ishlatish bo‘yicha Pentagon (yangi Urush vazirligi) uchun direktiva imzolaganini yozgandi. O‘sha oy oxirida AQSH Venesuela qirg‘oqlariga 7 ta harbiy kemani, jumladan, uchta raketaga ega esminets va kamida bitta zarba beruvchi suv osti kemasini, jami 4,5 ming askar bilan yuborgan.

2 sentyabr kuni Tramp Venesueladan kelayotgan yana bir narkotik ortilgan kema AQSH harbiylari tomonidan yo‘q qilinganini e’lon qilgan edi. Keyinchalik u bu operatsiyada 11 nafar “Tren de Aragua” karteli a’zolari o‘ldirilganini bildirdi. AQSH bu guruhni 2025 yilning fevralida terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritgan va Tramp uni “Maduro nazorati ostida” deb atagan. 

AQSH rasmiylari Venesuela Prezidenti Nikolas Maduroni narkotik savdosi bilan shug‘ullanishda ayblab, uni ushlashga yordam berganlar uchun 50 million dollar mukofot va’da qilgan.

Maduro esa Venesueladan kelayotgan kemalarning yo‘q qilinishini “so‘nggi yuz yildagi AQSH bosqinining eng jiddiy tahdidi” deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Uchinchi jahon urushi boshlangan va AQSH bunga allaqachon reja tuzgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Venesuela Donal'd Tramp Nikolas Maduro

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing