AQSHda Falastinni qo‘llab-quvvatlash mitingi bo‘lib o‘tdi
Olam
−
12 may 2021
12034AQSHdagi Isroil bosh konsulligi oldida Falastinni qo‘llab-quvvatlash uchun miting o‘tkazildi. Bu haqda “Anadolu” nashri xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, yuzlab namoyishchilar diplomatik vakolatxona binosi oldida to‘planib, qo‘llarida Falastin bayroqlari va “Falastinga ozodlik”, “Isroil bosqini va bosimini to‘xtating” yozuvi tushirilgan plakatlar bilan norozilik uyushtirmoqda.
Shunday qilib, namoyishchilar ishg‘ol qilingan Sharqiy Quddusga qarshi bosim va G‘azoga qilingan havo hujumlariga qarshi norozilik bildirgan.
Aksiyada turk va musulmon jamoalari vakillari, shuningdek, Neturei Karta pravoslav yahudiy guruhi a’zolari ishtirok etgan.
Namoyishchilar Times maydoniga qarab harakatlangan. Voqea oqibatida jarohatlangan va qurbon bo‘lganlar yo‘q.
Quddusdagi vaziyatning keskinlashishi
7 may – Ramazon oyining oxirgi Juma kuni, Quddusdagi Al-Aqso masjidi atrofida tartibsizliklar boshlandi. Bunga Isroil politsiyasi tomonidan falastinliklar taroveh namozini o‘qiyotgan ushbu masjidga hujum qilgani sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, Isroil sudi Shayx Jarroh mahallasida yashovchi arab oilalarini ko‘chirish to‘g‘risida qaror chiqargan. Chunki bu yerlarga yahudiylar da’vo qilib keladi.
Qizil yarim oy jamiyatining ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil politsiyasining zo‘ravonliklari oqibatida 700 dan ortiq kishi jarohatlangan, shundan 333 nafari shifoxonaga yotqizilgan.
Shundan so‘ng, Falastinning HAMAS harakati Isroilni ogohlantirgan: Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidi va Shayx Jarroh mahallasidan askarlarni olib chiqib ketish uchun mahalliy vaqt bilan soat 18:00 gacha muddat qo‘ydi.
Shart bajarilmagach 10 may kuni HAMAS harakati Isroilning bir qator shaharlarini 45 ta raketa bilan o‘qqa tutdi. Biroq Isroilning havo hujumiga qarshi “Temir gumbaz” mudofaa tizimi ushbu 45 raketaning katta qismini osmonning o‘zida zararsizlantirdi. Ba’zilari esa aholi yashash punktiga tushdi.
Bunga javoban Isroil tomoni darhol 130 ta raketa bilan HAMAS harakati joylashgan G‘azo sektorini o‘qqa tutdi. Oqibatda esa 22 falastinlik, shu jumladan 9 bola halok bo‘ldi. XAMAS Isroilga 350 ta raketa bilan javob qaytardi.
11 may kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu G‘azo sektoriga zarbalar kuchi va chastotasini ko‘paytirish niyatida ekanini e’lon qildi.
Xalqaro hamjamiyatning reaksiyasi
Xalqaro hamjamiyat Quddusdagi voqealarga tezda munosabat bildirdi. BMT Xavfsizlik Kengashi 10 may kuni Falastindagi mojarolarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi, ammo yakunda hech qanday bayonot qabul qilinmadi.
Checheniston rahbari Ramzan Qodirov esa Isroil rasmiylarining Sharqiy Quddusdagi harbiy amaliyotini “qonunbuzarlik” deb atab, ular sodir bo‘lgan voqea uchun falastinliklardan kechirim so‘rashi kerakligini ta’kidladi.
Qator musulmon davlatlar umumiy ravishda Isroil xalqaro huquq normlarini buzayotganini aytib, norozilik bildirdi. Ularning orasida Iordaniya, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Misr, Qatar, Bahrayn va BAA bor.
O‘z navbatida, Isroil Bosh vaziri dunyo OAVni voqealar rivojini noto‘g‘ri talqin qilganlikda ayblab, mamlakat politsiyasining zo‘ravonliklarini qo‘llab-quvvatlagan edi.
Bundan tashqari Isroil rasmiylari mojarolar boshlanishi bilan “tutingan akasi” AQSHdan vaziyatga aralashmaslik va xalqaro bosim o‘tkazmaslikni so‘radi. Vashington esa har ikki tomonni ham vaziyatda aybdor deb, mojaroni tugatishga chaqirdi. Yevropa Ittifoqi e’tiborini falastinliklarning noqonuniy ko‘chirilishiga qaratdi. Markaziy Osiyo davlatlaridan Qozog‘iston Al-Aqso masjidi atrofidagi vaziyatni hurmat qilishga chaqirdi.
Qolaversa, 11 may kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an qator musulmon davlatlar rahbarlari bilan Isroilning zo‘ravonliklarini muhokama qildi.
LiveBarchasi