AQSHda harbiy vertolyot qulab tushdi. Qurbonlar bor (video)

Olam

image

AQSH armiyasining Fort-Xud bazasiga biriktirilgan “Apachi” harbiy vertolyoti Texas shtatida halokatga uchrashi oqibatida 2 nafar askar halok bo‘ldi. Bu haqda Bell okrugi sherifi idorasi va Fort-Xud bazasi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, hodisa kecha, 12 avgust kuni Texasning markaz shahri Ostindan qariyb 100 kilometr shimolda joylashgan Bell okrugida yuz bergan. Vertolyot dala hududiga qulagan va buning ortidan katta maydonda yong‘in boshlangan.

Bell okrugi sherifi idorasi vakili Kliff Koulmanning ma’lum qilishicha, voqea joyida sudya vertolyot bortida bo‘lgan 2 kishining halok bo‘lganini tasdiqlagan.

“Bugun “Apachi” vertolyoti Fort-Xuddagi operatsiyalar vaqtida Bell okrugida halokatga uchradi va armiyamizning 2 nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘ldi”, degan Texas gubernatori Greg Ebbott.

Fort-Xud bazasi ham AH-64 hujumkor vertolyoti halokatga uchragani va 2 nafar askar halok bo‘lganini tasdiqlagan. Biroq ularning shaxsiga oid ma’lumotlar qarindoshlariga xabar berilguniga qadar oshkor qilinmagan.

Hodisa joyida bir nechta mahalliy yong‘in xavfsizligi bo‘linmalari ishlagan. Ular katta maydonga tarqalgan yong‘inni o‘chirishga harakat qilgan.

Hodisa joyidan olingan tasvirlarda o‘t o‘chiruvchilar kuygan dala hududidagi vertolyot qoldiqlarini tekshirayotgani, voqea joyidan esa tutun ko‘tarilayotgani aks etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvaloq AQSHning Yuta shtatida o‘rmon yong‘inini o‘chirish ishlarida qatnashayotgan vertolyot halokatga uchragandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing