AQSH yana Ukraina uchun “kissasini bo‘shatdi”
Olam
−
08 iyul 2023
7441AQSH Ukrainaga yana 800 million dollarlik harbiy yordam paketini taqdim etdi. Bu haqda AQSH davlat kotibi Entoni Blinken ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Qo‘shma Shtatlarning yangi yordam paketi tankka qarshi raketalar, zirhli transport vositalari hamda snaryadlarni o‘z ichiga oladi.
“Jasoratli himoyachilar Rossiya agressiyasiga qarshilik ko‘rsatishda davom etmoqda, ayni paytda mamlakat bo‘ylab tinch aholi uchuvchisiz samolyotlar va raketalar nishoniga aylanmoqda. Ularning o‘lmas jasorati butun dunyoni ruhlantiradi hamda inqiroz davrida Ukrainaga yordam berish harakatlarini kuchaytiradi”, deydi Blinken yordam paketini e’lon qilar ekan.
U yordam paketi doirasida Kiyevga takomillashtirilgan DPICM – ikki maqsadli an’anaviy o‘q-dorilar (kassetali o‘q-dorilar nazarda tutilgan – tahr.) berilishini tasdiqlagan va buni Ukrainaga avval yetkazib berilmagan “yuqori samarali va ishonchli artilleriya qurollari” deb ta’riflagan.
Vashington, shuningdek, Kiyevga qo‘shimcha aniq boshqariladigan havo-desant o‘q-dorilari, bir nechta raketa snaryadlari, 155 millimetr kalibrli gaubitsalar, artilleriya snaryadlari, havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun o‘q-dorilar, tankka qarshi raketalar, Bradley va Stryker zirhli texnikalarini yuboradi.
Ma’lumot uchun, bu Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan buyon AQSH Prezidentining tashabbusi bilan Mudofaa vazirligining strategik zaxiralaridan ajratilayotgan 42-yordam hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Ukraina uchun kassetali o‘q-dorilarni yetkazib berishga rozi bo‘lgandi.
LiveBarchasi