AQSH Yamanga yana zarba berdi

Olam

image

Amerika qo‘shinlari Yamandagi husiylarning kemaga qarshi raketasini nishonga oldi. Bu haqda AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) ma’lum qildi.

“27 yanvar kuni Sana vaqti bilan taxminan 03:45 da CENTCOM kuchlari Qizil dengiz tomon mo‘ljallangan va uchirishga tayyor bo‘lgan husiylarning kemaga qarshi raketasini urdi”, deyiladi qo‘mondonlik matbuot xizmati xabarida.

CENTCOM ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH harbiylari nishon "mintaqadagi savdo va AQSH harbiy-dengiz kuchlari kemalariga zudlik bilan tahdid solgan" deb hisoblagan.

Qayd etish joizki, G‘azo sektorida mojaro avj olganidan so‘ng, husiylar Isroil hududiga hujumlar uyushtirish va urush tugagunga qadar ular bilan bog‘liq kemalarning Qizil dengiz va Bob al-Mandeb bo‘g‘ozi suvlari orqali o‘tishiga yo‘l qo‘ymasliklarini aytgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, husiylar o‘tgan yilning noyabr oyi o‘rtalaridan beri Qizil dengiz va Adan ko‘rfazida 30 dan ortiq fuqarolik kemalariga hujum qilgan.

Bunga javoban AQSH, Bahrayn, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Italiya, Kanada, Niderlandiya, Norvegiya, Seyshel orollari va Fransiya kabi davlatlar husiylarga qarshi Prosperity Guardian operatsiyasini e’lon qildi. AQSH va Buyuk Britaniya ikki marta qo‘shma operatsiya o‘tkazib, Yaman hududidagi nishonlarga zarba berdi. Bundan tashqari AQSH bir necha bor husiylarga hujum qildi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq amerikalik rasmiylarga tayanib, “Financial Times” nashri AQSH Xitoydan Eronni husiylarga ta’sir o‘tkazishga undashni so‘ragani, ammo Pekindan arzirli javob bo‘lmaganini xabar qilgandi. Keyinchalik, “Reuters” agentligi Erondagi manbalariga tayanib, Xitoy Erondan Yamandagi husiylarning Qizil dengizdagi kemalarga hujumlarini to‘xtatishda yordam so‘raganini yozdi. Yamandagi husiylar vakili esa harakat Qizil dengizdagi Rossiya, Xitoy yoki Germaniya kemalariga hujum qilish niyatida emasligini aytgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Yaman husiylar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing