AQSH va Yevropa Eronga muddat berdi – OAV

Olam

image

AQSH Davlat kotibi Marko Rubio va Fransiya, Germaniya hamda Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirlari telefon orqali Eron bilan yadro bitimi bo‘yicha kelishuvga erishish uchun unga avgust oxirigacha muddat berishga qaror qildi. Bu haqda uchta manbaga tayanib, “Axios” nashri xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, agar Tehron belgilangan muddatgacha yadro bitimiga rozi bo‘lmasa, Yevropa davlatlari 2015 yilgi bitim doirasida bekor qilingan BMT Xavfsizlik Kengashi sanksiyalarini tiklash uchun snapback (avtomatik tiklash) mexanizmini ishga tushirish niyatida. Bu mexanizm oktyabrgacha ishga tushirilishi mumkin, shu oyda esa Rossiya rotatsiya asosida BMT Xavfsizlik Kengashiga raislik qiladi. Yevropa mamlakatlari bu bosqichgacha ulgurishni istashmoqda. Snapback  faollashtirilgach, BMT 30 kun ichida Eron sanksiyalariga yengilliklar saqlanib qolish-qolmasligi bo‘yicha rezolyutsiya qabul qilishi kerak bo‘ladi. Bu uchun 9 ta “ha” ovozi va doimiy a’zolar – AQSH, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya yoki Fransiyaning vetosiz roziligi zarur. Aks holda, sanksiyalar avtomatik tiklanadi.

Nashrning qo‘shimcha qilishicha, AQSH va Yevropa bunday ssenariyni diplomatik usullar ish bermagan taqdirda “zaxira rejasi” deb bilmoqda. Nashr bilan suhbatlashgan ikki manbaning aytishicha, yaqin haftalarda Yevropa diplomatlari Eronni cheklovlarning tiklanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ayrim qadamlarni qo‘yishga undamoqchi. Ular orasida Eronga Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) bilan hamkorlikni tiklash va 60 foizga boyitilgan taxminan 400 kilogramm uranni mamlakatdan chiqarish ham bor.

Ayni paytda Tehron BMT Xavfsizlik kengashi sanksiyalarining tiklanishi “adekvat va mutanosib javob”ga sabab bo‘lishini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Axios” nashri Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSH Prezidenti Donald Tramp va Eron vakillari bilan o‘tkazilgan muzokaralarda Eronning uranni boyitishdan butunlay voz kechishini ko‘zda tutuvchi yadro kelishuvini qo‘llab-quvvatlashini bildirgani haqida yozgandi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Amerikaning “Axios”ning xabarini rad etdi va uni “maqsadli dezinformatsiya” deb atadi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Frantsiya Evropa Eron Marko Rubio

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing